Kinoteatr direktori “Baron”ni ko‘rgani kelgan tomoshabinlarning sovuqda ko‘chada qolganiga izoh berdi

Jamiyat 10:32 / 07.02.2016 17247

“Baron” filmini ko‘rish uchun Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrga borgan ayrim tomoshabinlar ijtimoiy tarmoqlar orqali keskin e'tirozlarini bildirishdi.

Internetda paydo bo‘lgan “Panoramadagi sharmandalik” sarlavhali maqolada ta'kidlanishicha, odamlar ko‘pligidan tomoshabinlarning bir qismi ko‘chada qolib ketgan, kinoteatr xodimlari eshiklarni yopib qo‘ygan va sovuqda kutishga majbur bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan kinoteatr direktori Bahrom Utanov “Darakchi” muxbirining savollariga javob berdi.

“Kinoteatrimizda o‘nta kinozal ishlayapti. O‘sha kuni kechki seansda barcha kinozallar liq to‘la bo‘lgani bois ko‘cha eshikni yopishga majbur bo‘ldik. Chunki kassada chipta qolmagandi. Bu haqda ko‘chada turgan tomoshabinga ma'lum ham qilganmiz”, - ta'kidladi u.

“Bunday holatlar bo‘lishi mumkin, - so‘zida davom etdi mutasaddi, hatto chiptasi bor tomoshabinlar ham ko‘chada qolib ketgani bilan bog‘liq savolga javob berarkan. – Lekin keyin bizga murojaat qilishganida chipta pulini qaytarib berganmiz. Agar o‘sha kungi taloto‘pda kinoga kirolmagan tomoshabinlar bo‘lsa, menga murojaat qilishsin, chipta pulini qaytarib, bonus sifatida bepul film ko‘rishga taklif qilaman. Tomoshabinning birorta fikri e'tiborsiz qolmaydi. Chunki bu davlat tashkiloti va biz ularga qulay sharoit yaratish uchun ishlaymiz”.

“Demak, nazoratchilarga siz tomoningizdan odamlarni ichkariga kirgizmaslik haqida buyruq bo‘lgan-a?” degan savolga Utanov “Ha!” deb javob berdi.

“Buning yagona sababi tomosha zaliga kirayotgan tomoshabin tartibsizlikdan noqulaylikka duch kelmasligi, jamoat tartibini saqlash edi, - ta'kidladi u. – Hatto tomosha zali eshiklari oldida nazoratchilardan jonli devor qilishga ham to‘g‘ri keldi. Ular ichkarida avvalga seans tugamay turib, tomosha zaliga kirishmoqchi edi. Xavfsizlikni ta'minlash, xushmuomalalik bilan vaziyatni tushuntirish – bizning burchimiz”.

Panoramadagi sharmandalik

Ko‘proq yangiliklar: