Germaniyaning Drezden shahrida 15 mingga yaqin odam mamlakat kansleri Angela Merkelning migratsiya siyosatiga qarshi norozilik bildirgani ko‘chalarga chiqdilar, deb xabar bermoqda The Telegraph nashri.
Norozilik aksiyasi "Yevropaning islomlashuviga" qarshi chiqayotgan Pegida siyosiy harakati tomonidan tashkil etildi. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar Merkelning iste'foga ketishini talab qilishmoqda. Nashr muxbirlari tomonidan olingan videoda namoyishchilar "Merkel ketishi kerak" degan yozuvli bannerlarni ko‘tarib olishgani tasvirlangan.
"Namoyishchilar mamlakatga 1,5 mln nafar muhojirni kiritgan Merkelning migratsion siyosatiga qarshi chiqmoqdalar", deyilmoqda nashrda.
Nashrning ma'lum qilishicha, shunday aksiyalar Fransiya, Buyuk Britaniya, Polsha, Chexiya va Niderlandiyada ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Pegida nomi "Vatanparvar yevropaliklar Qadimgi dunyoning islomlashuviga qarshi" deb o‘qiladi. Ushbu harakat migratsion inqiroz ortida oxirgi mahal ancha faollashgan.