Tayvandagi zilzila tufayli shaharda qulab tushgan boshqa binolar ham borligi aytildi

Jahon 10:20 / 06.02.2016 3087

6 fevral kuniga o‘tar kechasi Tayvanda sodir bo‘lgan 6,7 magnitudali zilzila tufayli qulab tushgan 17 qavatli bino xarobalari ostidan yana 2 kishining jasadi chiqarib olindi va qurbonlar soni ayni damda 5 nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, 316 kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Yaponiyaning Kiodo axborot agentligi xabar tarqatgan.

Hozircha zilzila keltirgan barcha talofat miqdori o‘rganilmoqda. Manbalarda yozilishicha, bu zilzila orol janubidagi 5ta katta binoga jiddiy zarar yetkazgan. Zilzila ta'siri kuchli bo‘lgan Tayvan janubidagi Taynan shahrida jami 1,8 mln kishi istiqomat qiladi.

Bu shahardagi asosiy talofat 17 qavatli binoning qulashi bilan bog‘liq. 150 oila istiqomat qilgan bu bino qulagach, xarobalar ostidan shu vaqtgacha 221 kishi chiqarib olindi. Vayronalar ostida yana 70 nafar kishi qolayotgani aytilgan.

Ba'zi manbalarda yozilishicha, shaharning boshqa qismidagi 16 va 7 qavatli binolar ham zilzila tufayli jiddiy shikastlangan. Bu yerlarda ham evakuatsiya ishlari olib borilgan. Zilziladan shikastlangan Savdo majmuasi binosidan 70 kishi evakuatsiya qilingan.

Ayni vaqtda Tayvan ma'muriyati boshlig‘i Ma Intszyu Taynanga tashrif buyurgan va muhtojlarga barcha zarur yordamlar berilishini ko‘rsatma qilgan.

Jami aholisi 23 mln kishi bo‘lgan Tayvan Tinch okeanining seysmik harakatlar faol mintaqasida joylashgan. 1999 yilning sentabrida orolda 7,6 balli zilzila ro‘y bergan va o‘shanda 2,4 ming kishi halok bo‘lgandi.

Xitoy Tayvandagi zilzila oqibatlariga qarshi kurashda yordam beradi

Ko‘proq yangiliklar: