6 fevralga o‘tar kechasi Tayvanda sodir bo‘lgan 6,4 magnitudali zilzila tufayli halok bo‘lganlar soni 7 nafarga yetdi. Bu haqda AVS telekanali Taynan shahri FVVga asoslanib, xabar tarqatgan. Shuningdek, zilzila tufayli jarohat olganlar soni 380 nafardan ortiqni tashkil qilmoqda.
Shaharda vayron bo‘lgan binolar xarobalari ostidan kishilarni qutqarib olish ishlari davom etmoqda.
Zilzila Tayvan janubidagi aholisi 1,8 mln kishini tashkil etuvchi bu shaharda 10dan ortiq binoga jiddiy zarar yetkazdi. Shundan 8tasi, jumladan bitta 17 qavatli, bitta 16 qavatli turar joy binolari butunlay vayron bo‘lgan.
Ayni vaqtda orolda tez yurar poyezdlar harakati to‘xtatilgan.
Tayvan oroli aholisi soni 23 mln nafarni tashkil etadi. Bu orol Tinch okeanining seysmik harakatlar faollashgan hududida joylashgan. 1999 yilda orolda 7,6 balli zilzila qayd etilib, 2400 nafardan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgandi.