Amerikancha futbol milliy ligasi (NFL) final uchrashuvi – Superboul vaqtida amerikaliklar 15,5 milliard dollar sarflashadi. Bu haqda “Reteylerlar milliy federatsiyasi ma'lumotlariga tayanib “Interfaks” xabar qilmoqda.
Xususan, final uchrashuvi kuni AQSh fuqarolari 1,3 dona tovuq qanotlarini iste'mol qilishi kutilmoqda.
O‘yin vaqtida 189 million kishi televizor qarshisida jam bo‘lishi kutilmoqda. O‘tgan yilda tomoshabinlar soni 183,7 millionni tashkil etgan. Bu yil tomosha vaqtida har bir kishi o‘rtacha 82,19 dollardan pul sarflashi aytilmoqda. 2015 yilda bu raqamlar 77,88 dollardan iborat bo‘lgan.
43,3 million amerikalik shu munosabat bilan o‘z uyida bazm uyushtirishni reja qilgan. So‘rovnomada qatnashgan 8,6 million kishi aynan final uchun yangi televizor sotib olishini ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, qariyb 80 foiz amerikalik uchrashuv vaqtidagi reklamalarni qiziqish bilan tomosha qilishini ma'lum qilgan. Bu esa Superboul uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, bu vaqtda efirga uzatiladigan 30 soniyalik reklama roligining narxi 5 million dollarni tashkil etadi.
Bu yilgi NFL final bahsi 50- bor tashkil etilayotgani ham katta ahamiyat kasb etadi. O‘yin Kaliforniyaning Santa-Klara shahrida yakshanba, 7 fevral kuni “Denver Bronkos” va “Karolina Panters” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv uchun chiqarilgan chiptalarning narxi 500-1000 dollar, olib-sotarlar qo‘lida esa 5000 dollarga qadar chiqqan.