"Liverpul" jamoasi bosh murabbiy Yurgen Klopp appenditsit (ko‘richakning yallig‘lanishi) borligi gumon qilinib, shifoxonaga olib ketilgan. Bu haqda jamoaning tvitterdagi rasmiy akkauntida xabar berilgan.
O‘z-o‘zidan u endi APLning 25 turida, bugun Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlanadigan "Sanderlend"ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Bu o‘yinda jamoani uning yordamchilari Jyelko Buvats va Peter Kravets boshqarib turadi.
Qayd etilishicha, o‘yinoldi matbuot anjumani vaqtida (kecha o‘tkazilgan - tahririyat) murabbiy hech qanday og‘riqdan shikoyat qilmagandi. Faqat bugun kunning ikkinchi yarmida uning oshqozon sohasida kuchli og‘riq sezilgan. Agar unda appenditsit borligi tasdiqlansa, "Liverpul" yana ancha vaqt bosh murabbiysiz qolishi mumkin.