AQShning Kaliforniya shtatida SuperLottoPlus lotoreyasi tashkilotchilari shtat tarixidagi eng katta yutuq – 63 million dollarning egasini topa olganicha yo‘q. Istisno tarzida uzaytirilgan bir haftalik muddat ham boshlandi. Bu haqda TASS xabar qildi.
Lotoreya shartlariga ko‘ra, uning g‘olibi yutuq chiqqan chiptani 5 fevral kuni kechki 17:00ga qadar olib kelishi kerak edi. Biroq vaqt yetib kelgan bo‘lsa ham, g‘olibning daragi chiqmadi. Natijada yana bir hafta muddat qo‘shib berildi.
SuperLottoPlus vakili Aleks Traversoning aytishicha, juda ko‘pchilik yutuqli chipta sohibi ekanini aytib murojaat qilgan. “Ularning qariyb barchasi chiptani yo‘qotib qo‘yganini tasdiqlashmoqda. Ularning so‘zlari hech narsani anglatmaydi”, - dedi u. Baxtli raqamlarga ega chipta 2015 yilning 8 avgustida Los-Anjyelesdagi 7-Eleven oziq-ovqat do‘konidan xarid qilingan.
Agarda g‘olib aniqlanmasa, yutuq jamg‘armasi shtat maktablari ehtiyojlariga sarflanadi.