An'anaga sodiq qolgan holda, yurtimiz bo‘ylab XV asr jahon ma'naviyatining buyuk vakili, hijriy 844 yil ramazon oyining 17 kuni, ya'ni 1441 yil 9 fevralda Hirotda tug‘ilgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi munosib nishonlanmoqda.
Ellikqal'a tumani hokimligi, “Kamolot” YoIH tuman Kengashi, Ma'naviyat targ‘ibot markazi hamkorligida barcha ta'lim muassasalarda, jumladan, Ellikqal'a tibbiyot kolleji, Bo‘ston akademik litseyi va 2, 4- son davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta'lim maktabida ham bu ulug‘ zotga bag‘ishlab “Ma'naviyat gulshanining adabiy sultoni” mavzusida bayram kechalari bo‘lib o‘tdi.
Milliy adabiyotimizning yirik namoyondasi, millatimiz g‘ururi, sha'nu sharafini dunyoga tarannum etgan Alisher Navoiy ijodini, u qoldirgan boy adabiy merosni o‘qib-o‘rganish, yoshlar qalbiga teran singdirib borish maqsadida tashkil etilgan tadbirlarda shoir asarlarining mazmun-mohiyati, bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Ulug‘ shoirning, qolaversa o‘tmishda o‘tgan ko‘plab buyuk zotlarning me'rosi bugungi kunda chuqur e'tibor bilan o‘rganilayotgani bejiz emas. Prezidentimiz Islom Karimov asarlari, nutq va suhbatlarida bobokalonlarimiz yaratgan merosning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida qayta-qayta ta'kidlanmoqda. Yosh avlodni kamol toptirishda ularning o‘rni alohida ekanligi takidlanmoqda.
Bu jihatdan hazrat Navoiyning, u kishidan bizgacha yetib kelgan ulkan adabiy yodgorliklarning ham salmog‘i yuksakdir. Xalqimiz mustaqillikga erishgandan so‘ng buyuk shoirga yana ham bo‘lakcha hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda. Alisher Navoiy nafaqat turkiy halqlarining balki o‘zbek halqining haqiqiy dilbandi. Shu sababli ham mana necha yillardan buyon ulug‘ zotning tavallud kuni yurtimizda keng tantana qilib kelinmoqda.
Bayram kechasida Navoiy hayoti va ijodiga nazar tashlanib, g‘azallari, baytlari va dostonlari o‘quvchilar tamonidan ijro qilindi.
Navoiy g‘azallari bilan kuylangan qo‘shiqlar kechaga yanada zavq bag‘ishladi.
J.Baltayev, “Kamolot” YoIH tuman Kengashi raisi