Erdo‘g‘an: Rossiyaning Turkiya Suriyaga hujum qilishi mumkinligidan shubhalanayotgani kulgini qistatadi

Jahon 20:57 / 05.02.2016 5637

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiyaning Suriyadagi harakatlarini okkupatsion xarakterda deb hisoblashini aytdi. Anadolu agentligining ma'lum qilishicha, Erdo‘g‘an shunday fikrni Senegaldagi safari davomida jurnalistlar oldida so‘zlagan nutqida bildirib o‘tdi.

Avvalroq Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov Anqara Suriyaga hujum qilishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin, deb aytgandi. Uning bu so‘zlariga javoban Erdo‘g‘an "Rossiyaning bunday yondashuvi kulgi qistatadi", deb aytdi.

"Avval Rossiya Suriyada o‘ldirgan odamlar uchun javob berishi kerak. Bashar Asad tuzumi bilan hamkorlikda Suriyada o‘ldirilgan odamlar soni ayni vaqtda 400 mingga yetdi. Rossiya Suriyada istilo bilan shug‘ullanmoqda", deb ta'kidlamoqda Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘anning fikricha, Rossiyaning Tartusda dengiz bazasi, Lataqiyada aviabazasining mavjudligi Asad uchun "mitti davlat" yaratishga urinishidan darak beradi. "Asadning Suriyadagi vaqti tugadi", deb aytmoqda Erdo‘g‘an.

"Daish (IShIDning arabcha nomi) va boshqa guruhlar Suriyani allaqachon bo‘lishib olgan. Turkiya borasida gapiradigan bo‘lsak, u xavf ostida turibdi", demoqda Erdo‘g‘an va Turkiya Suriya bilan 911 km lik chegaraga ega ekanligini va hozirda Turkiyaga yana qochqinlar ko‘plab kelayotganini eslatib o‘tdi.

"Rossiyaning Suriya bilan chegarasi bormi, Eronni-chi? Ular Asad ularni chaqirganini aytmoqdalar. Hamma takliflarni ham qabul qilaverish joiz emas, chunki Suriyada davlat terrorchiligi bilan shug‘ullanuvchi Asad bor. Va uni qo‘llab-quvvatlayotganlar uning jinoyatlari uchun birdek javobgar bo‘ladilar", deb aytdi Erdo‘g‘an.

"Turkiya Suriyada harbiy operatsiya o‘tkazish yoki unga bostirib kirishni rejalashtirmayapti va o‘ylamayapti ham. Turkiya koalitsiya tarkibiga kiradi, o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda harakat qiladi va shu yo‘sinda davom etadi. Avval ham ko‘p marotaba aytganimizdek, Turkiya hech qachon bir o‘zi harakat qilmaydi", deb o‘z so‘zini intiholadi Erdo‘g‘an.

Ko‘proq yangiliklar: