Arsen Venger: Xitoyliklarda pul shunchalik ko‘pki, ularning qurbi Yevropadagi barcha ligalarni ko‘chirib ketishga ham yetadi

Sport 20:14 / 05.02.2016 4051

"Arsenal" jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger Xitoy klublarining transfer bozorida faol ravishda ishtirok etib, katta mablag‘lar evaziga Yevropadagi jamoalar safidan futbolchilarni o‘z saflariga jalb etayotganiga munosabat bildirib o‘tdi.

Uning aytishicha, bu davlat ulkan moliyaviy imkoniyatlarga ega va ularning pul sarflashidan hayron qolmasa ham bo‘ladi.

"Bu jarayon Angliyadagi klublar uchun xavotirlar paydo qildi. Xitoyliklarda pul degani shu qadar ko‘pki, ularning qurbi Yevropadagi barcha ligalarni sotib olishga ham yetadi. Bu transferlar amalga oshirilishi shu ruhda davom etadimikin? O‘tgan asrning oxirgi 10 yilligida Yaponiyada shunday harakatlarni boshlashgan, lekin bu holat uzoq vaqt davom etmagandi.

Xitoy klublarining ishtiyoqi qay darajada jiddiy ekanini bilmayman. Ammo bunga ularning siyosiy qarashlari ham qo‘shilgan bo‘lsa, biz ehtiyot bo‘lganimiz ma'qul", - deydi Venger.

Eslatib o‘tamiz, qishki transferlar vaqtida Jyekson Martines Xitoyning "Guanchjou" jamoasiga 42 mln yevro evaziga o‘tdi, Aleks Teysherani esa chinliklarning "Tszyansu Sunin" jamoasi 50 mln yevro evaziga xarid qildi. Jamoalar bu futbolchilarga yiliga 12 mln yevrodan maosh to‘ladi. Ulardan oldinroq, Ramires ("Chelsi"dan "Tszyansu Sunin"ga 33 mln yevro), Guarin ("Inter"dan "Shanxay Shenxua"ga), Jyervino ("Roma"dan "Xebey"ga, 15 mln yevro), Stefan Mbia ("Sevilya"dan "Tszyansu Sunin"ga) kabi futbolchilar Xitoyga yo‘l olishgandi.

Shuningdek, ayni vaqtda Tim Keyxill, Demba Ba, Asamoa Gyan, Paulino kabi mashhur futbolchilar, Luis Felipe Skolari, Sven-Yoran Eriksson, Dan Petresku, Mano Menezes va Gregorio Mansano kabi mutaxassislar Xitoy jamoalarida faoliyat ko‘rsatishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: