Tojikiston Milliy banki mamlakatning kredit tashkilotlariga joriy yilning 2 fevralidan Tojikistonga keluvchi Rossiya rubllaridagi pul jo‘natmalarini milliy valyuta – somoniyda berishni buyurdi.
Manbaning ma'lum qilishicha, bu buyruq faqatgina Rossiya rubllarida yuborilgan jo‘natmalarga taalluqli bo‘lib, boshqa xorijiy valyutalarga nisbatan amal qilmaydi.
"Buyruqqa ko‘ra, jismoniy shaxslarning bank hisob raqamini ochmasdan yuboradigan jo‘natmalari somoniyda beriladi", deyilmoqda Milliy bankda.
Manbaning ma'lum qilishicha, bu buyruq milliy valyutani qo‘llab-quvvatlash, uning kursini mustahkamlash maqsadida qabul qilingan.
Bugungi kunda 1 Rossiya rubli Tojikiston Milliy banki rasmiy kursi bo‘yicha 0,1028 somoniyni tashkil qiladi.
22 yanvarda bo‘lib o‘tgan hukumat uchrashuvida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon barcha mas'ul shaxslarga qisqa muddatlarda bank tizimi qonunchiligining valyuta tartibga solishi va uning buzilishi uchun javobgarlik qismiga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarni ishlab chiqish va taqdim qilish vazifasini yuklagandi.
Bundan tashqari, mamlakat hududida sotish-sotib olish bo‘yicha barcha operatsiyalar faqatgina milliy valyutada amalga oshirilishi kerakligi ta'kidlab o‘tilgan. Manfaatdor doiralar tomonidan valyuta ayirboshlashda yuzaga keltirilishi mumkin bo‘lgan sun'iy to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida valyuta ayirboshlash nuqtalari sonini ko‘paytirish buyurilgan.
Kuni-kecha Tojikiston Milliy banki rahbari Jamshid Nurmahmadzoda 2015 yilda Rossiyadan Tojikistonga 2014 yilga qaraganda 4 mlrd rubl, ya'ni 3 foizga ko‘proq pul jo‘natilganini ma'lum qilgandi.
Nurmahmadzodaning ta'kidlashicha, Tojikistonga yuborilgan jami pul jo‘natmalarining 95 foizi Rossiyadan jo‘natilgan. Milliy bank rahbari o‘tgan yili yuborilgan jami pul miqdorini oshkor qilishni lozim topmagan.