Suriyada yana bir rossiyalik harbiy halok bo‘ldi

Jahon 13:41 / 04.02.2016 9232

Rossiya Mudofaa vazirligi 1 fevral kuni Suriyadagi harbiy qismlaridan biri joylashgan hududni minomyotlardan o‘qqa tutilishi oqibatida rossiyalik zobit halok bo‘lgani haqida ma'lum qildi.

"1 fevral kungi zarba tufayli halok bo‘lgan Rossiya harbiy maslahatchisi mamlakatlar orasida amal qilayotgan harbiy-texnik hamkorlik shartnomasi doirasida Suriya armiyasiga yangi texnikani o‘rgatish uchun yuborilgan edi", — deyilgan Mudofaa vazirligi xabarida.

Xabarda ta'kidlanishicha, Rossiya o‘z harbiylarini Suriyada quruqlikdagi harbiy harakatlarda ishtirok etishi uchun jo‘natmagan.

Ismi aytilmagan bu marhum harbiy xizmatchi Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlarga qo‘shilganidan beri yo‘qotgan to‘rtinchi harbiysi bo‘ldi.

U o‘limidan keyin davlat mukofotiga taqdim etildi.

2015 yilning 30 sentabridan boshlab, Suriya prezidenti Bashar Asar murojaatiga binoan, Rossiya Havo-kosmik kuchlari IShID va "Jyebhat an-Nusra" terrorchi guruhlariga havodan zarbalar berib kelmoqda.

O‘tgan yilning noyabrida Su-24 samolyoti urib tushirilishi vaqtida uchuvchilardan biri halok bo‘lgan, ikkinchi uchuvchini qutqarish amaliyoti vaqtida yana bir harbiy o‘qqa uchgandi.

Undan oldinroq, oktabr oyi oxirida Lataqiyadagi harbiy bazada o‘z joniga qasd qilgani aytilgan rossiyalik harbiy xizmatchi jasadi Krasnodarga olib kelinib, dafn qilingandi.

Ma'lumot uchun, Suriyada 2011 yildan beri IShID va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi urush davom etmoqda. BMT xabariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida 220 ming kishi bu urushlar qurboni bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: