Nintendo’ning daromadi yangi o‘yinlarning yo‘qligi sababli 36 foizga kamayib ketdi

Iqtisodiyot 07:59 / 04.02.2016 1870

2015 yilning oxirgi 3 oyi davomida Nintendo kompaniyasining daromadi yangi o‘yinlarning yo‘qligi sababli 36 foizga kamayib ketdi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal nashri.

2015 yilning 4-choragiga to‘g‘ri keluvchi 3-moliyaviy chorakda Nintendo’ning sof daromadi 29,1 mlrd iyen (241,3 mln dollar)ni tashkil qildi, bir yil avval bu ko‘rsatkich 274,8 mln dollarni tashkil qilgandi. Tushum 19 foizga, ya'ni 1,8 mlrd dollargacha kamayib ketgan.

Kompaniya daromadlari tahlilchilarning prognozlaridan kamroqni tashkil qildi.

Ekspertlarning fikricha, Nintendo’ning 3-moliyaviy chorakdagi past natijalari bozorda kompaniyaning yangi yirik loyihalarining yo‘qligi bilan bog‘langan. Kompaniyaning o‘zi Super Mario Maker va Splatoon o‘yinlariga talabning kattaligiga e'tiborni qaratmoqda, bu ikki o‘yin umumiy hisobda 7,4 mln nusxada sotilgan.

Kompaniya 2015 yilning 4-choragida Wii U o‘yin pristavkasidan 1,87 mln dona sotgan, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 2 foiz kamroqni tashkil qilgan. Bu qurilma paydo bo‘lgan 2012 yildan beri undan jami 12,6 mln dona sotilgan. Taqqoslash uchun, Wii U’dan bir yildan keyin sotuvga chiqqan, raqobatchilarning PlayStation 4 va Xbox One pristavkalaridan mos ravishda 36 mln va 19 mln dona sotilgan.

Ko‘proq yangiliklar: