1 fevral kuni Chilonzor tumani Ichki ishlar bosh boshqarmasi majlislar zalida Chilonzor tumani "Nosirxon" jome masjidi imom-xatibi Jasur Raupov huquq tartibot organlari hodimlari bilan "Diniy ekstremizm - jamiyat barqarorligiga tahdid" mavzusida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi rasmiy saytida ma'lum qilindi.
J.Raupov o‘z ma'ruzasida bugun muqaddas islom dini niqobi ostida insoniyat hayoti, davlatlar xavfsizligiga ulkan tahdid solayotgan terrorchi guruhlarning mutlaqo islomga aloqasi yo‘q ekanligini, aksincha, ular din dushmanlari ortidan qo‘g‘irchoq sifatida namoyon bo‘layotganini ta'kidlab: "Ommaviy axborot vositalari orqali deyarli har kuni dunyoning u yoki bu mamlakatida qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirilgani, ularda qanchadir begunoh kishilar halok bo‘lganligini kuzatib turibmiz. Bu harakatlarga javobgarlikni IShID va yoxud unga sodiqligini e'lon qilgan terrorchi to‘dalari o‘z zimmasiga olganligini ham aytiladi... Inson tugul hatto hayvonot olamiga ham ozor yetkazishdan qaytargan islom dini ta'limotlariga qaysi harakati to‘g‘ri keladi bu gazandalarning? Ana shu haqiqatni, farzandlarimiz, vatandoshlarimiz teran tushunib olishlari kerak. Musaffo Islom, bu - ma'rifat, ezgulik, tinchlik, bag‘rikenglik va mehr-muhabbat dinidir", - deya dinimiz ma'rifatini tushuntirib o‘tdi.