2015 yil davomida Toshkent viloyatidagi 584 ta fuqarolar yig‘inida birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Bu haqda “Mahalla” jamg‘armasi rasmiy saytida ma'lum qilindi.
“Toshkent viloyati mahallalari faoliyatiga oid ko‘rsatkichga nazar tashlaydigan bo‘lsak, maslahatchilarning sa'y-harakati bilan o‘tgan 2015 yil davomida voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etish hollari 91 taga, notinch oilalar soni 567 taga kamayganiga guvoh bo‘lamiz”, - deyiladi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tashkil etilgan o‘quv-seminar tafsilotlariga bag‘ishlangan xabarda.
Mazkur seminarda o‘quv-seminarda mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolar yig‘inlarining diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilarning o‘rni, Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyalar bilan ularning o‘zaro hamkorligini takomillashtirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Xalqimizning ma'naviy qadriyatlari, madaniyati va urf-odatiga mutlaqo yot bo‘lgan g‘oyalarning tarqalishiga qarshi kurash, barkamol avlodni tarbiyalashga doir tajribalar o‘rtoqlashilib, aniq asosli mulohazalar tinglandi.