O‘zbekiston Sharq nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi aksiyalarini sotuvga qo‘ydi. Bu haqda Sputnik Davlat raqobat qo‘mitasi vakiliga tayanib xabar tarqatdi.
Manbaga ko‘ra, xorijlik investorlar uchun kompaniyaning 44 foiz aksiyalari taklif qilinmoqda. Natijada korxonaning asosiy aksiyalar paketi (51 foiz) davlat ixtiyorida qoladi. Qolgan 5 foiz aksiyalar kompaniya xodimlariga tegishli bo‘lib qoladi.
"Aytish kerakki, ish unumdorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish uchun uskunalarni yangilash va zamonaviy boshqaruv yechimlarini joriy etish maqsadida Sharq nashriyotiga xorijiy investorlar kelishi zarur. Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash har yili mahsulot hajmini 8-12 foizga oshirish imkonini beradi.
Bugungi kunda korxona quvvatlari umumiy yillik adadda 85 mln. nusxadan ortiq 80 dan ziyod gazeta va 20 ta jurnal, shuningdek, 16 mln. kitob chop etish imkonini beradi. Moddiy-texnik baza Germaniya, Hindiston, Amerika, Avstriya va Shvetsiya uskunalaridan iborat", deyiladi telegraf.uz xabarida.