2016 yilda obektlar va ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish manzilli dasturiga muvofiq 164ta ishlab chiqarish obekti foydalanishga topshiriladi. Bu haqda Review.uz xabar bergan.
Unga ko‘ra, mahalliy korxonalar tomonidan 46 foiz investitsiyalar o‘zlashtirilishi va sanoatning yoqilg‘i-energetika, kimyo, neftkimyo va metallurgiya sohalaridagi 35 ta loyihaga yo‘naltiriladi.
Manzilli dastur ishlarining katta qismi «O‘zbekenergo» AJ zimmasiga yuklandi. Xususan, iyul oyida qurilayotgan «Angren-Pop» elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining tortish yordamchi stansiyalaridagi tashqi energiya ta'minoti obektlari qurilishini tugatish ko‘zlangan.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 124 kilometrlik «Angren-Pop» elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishiga qariyb 1,5 mlrd. dollar yo‘naltiradi. Joriy yilda «O‘zbekengilsanoat» AJ tomonidan umumiy qiymati 94 mln. dollarga teng beshta yangi ishlab chiqarishning foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Singapurning «Indorama Qo‘qon tekstil» korxonasi paxtadan yigirilgan ip ishlab chiqarishini kengaytirishga 35 mln. dollar sarmoya kiritadi», deyiladi xabarda.