O‘zbekiston va Rossiya 2016 yilning 1 choragi so‘ngiga qadar Moskvada mehnat muhojirlari masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvni tashkil etadi. Bu haqda Sputnik Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘i Botir Shaxriyorovga tayanib xabar qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston ekspertlari 2015 yilning ikkinchi yarmidan buyon O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini olib borishlari uchun tashkiliy tanlash haqidagi hukumatlararo kelishuv loyihasini tayyorlash bo‘yicha faol ishlashmoqda. Mazkur masala ikki davlat mehnat vazirliklari darajasida bir necha bor muhokama qilindi.
“O‘zbek va rus tomoni tayyorlanayotgan hujjatning dastlabki loyihasini almashib ulgurishdi. 2016 yilning birinchi choragida Moskvada vazirlar darajasida uchrashuv o‘tkazilib, shu yo‘nalishdagi jarayon muhokama qilinadi. Mazkur shartnoma Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarni ijtimoiy va huquqiy kafolat bilan ta'minlaydi”, - dedi Shaxriyorov.
2015 yilning noyabr oyi holatiga ko‘ra, Rossiyada 1,9 million O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda.