"Barselona" jamoasi hujumchisi Luis Suaresning Urugvay terma jamoasi safiga qaytish sanasi ma'lum bo‘ldi. U endi 2018 yilgi jahon chempionati uchun saralash o‘yinlarida terma jamoasiga yordam berishi mumkin bo‘ladi.
Urugvaylik hujumchi JCh-2018 musobaqasiga saralash bahsi 5-turida Braziliya termasiga qarshi o‘yinda maydonga tushadi. Mazkur uchrashuv 25 mart kuniga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 29 yoshli futbolchi Braziliyada o‘tkazilgan 2014 yilgi mundialning Italiya termasiga qarshi bahsida raqib himoyachisi Jorjo Kellinini tishlagani uchun terma jamoa safidagi 9 o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan, 4 oy davomida futboldagi har qanday faoliyatdan chetlashtirilgan edi. U shundan beri Urugvay terma jamoasidan 640 davomida chetda qoldi.
Ayni vaqtda Urugvay terma jamoasi JCh-2018 saralashida 4ta o‘yindan keyin ikkinchi o‘rinda bormoqda. Urugvayliklarni braziliyaliklar 2 ochkolik farq bilan ta'qib qilmoqda.