Jizzax viloyatida 2015 yilda sanoat sohasida 254 milliard so‘mlik 213 loyiha amalga oshirildi. Korxonalar modernizatsiya qilinib, 50 dan ziyod turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
O‘zA xabariga ko‘ra, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda xitoylik ishbilarmonlar hamkorligida tashkil etilgan “JUITA GULSHANA INVEST” qo‘shma korxonasi sanoatlashgan tikuv dastgohlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
– “Jizzax” maxsus industrial zonasi hududida bo‘sh turgan binoni xarid qilib, to‘la ta'mirdan chiqardik, – deydi korxona ijrochi direktori Nurali Abdurasulov. – Keyin zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan tikuv mashinalarini yig‘ish va ehtiyot qismlar tayyorlash dastgohlari keltirib o‘rnatildi. Natijada “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi bilan yiliga 15 ming dona sanoatbop tikuv mashinasi ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushirildi. Hozir bu yerda bir necha turdagi tikuv mashinalari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotning uchdan bir qismi xorijga eksport qilinayotir. Ayni paytda 50 doimiy ish o‘rniga ega korxonada ishlab chiqarishni kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda. Jumladan, tikuv mashinalari qismlarini shu yerning o‘zida tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
2017 yilga borib tikuv mashinalari uchun ehtiyot qismlarning 50 foizini shu yerning o‘zida tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, ip o‘rash dastgohlari, trikotaj mahsulotlari tikishda keng foydalaniladigan yarim sun'iy iplar, kiyimlar uchun bezak, o‘rovchi materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ham rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshirilgach, yana 50 dan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.
Zamonaviy texnologiyaga asoslangan dastgohlar bir vaqtning o‘zida tikish, gazlamaning ortiqcha qismi va ipni kesish kabi yumushlarni avtomatik tarzda bajaradi. Tikuv mashinalarining yana bir afzalligi – energiya tejamkorligidir.