Chevrolet Spark’ning sedani e'lon qilindi

Fan-texnika 17:37 / 03.02.2016 27960

Dehlida ochilgan Auto Expo avtosalonida General Motors konserni Chevrolet Spark xetchbeki asosida ishlangan Chevrolet Essentia sedanini taqdim etishdi.

Ko‘pgina avtomobilsozlar Hindiston bozori uchun o‘ziga xos modellar ishlab chiqarishadi. Chevrolet Essentia ham shu turdagi mashinalardan biri bo‘lishi aytilmoqda. Muqaddam Volkswagen konserni Ameo sedanini Hindiston bozoriga olib kirgan edi. Ammo, Volkswagen’dan farqli ravishda, Chevrolet yangi modelni Hindistondan boshqa bozorlarga ham olib kirishi mumkin.

Sedan Hindistonda Chevrolet Beat nomi ostida sotiladigan besh eshikli Spark xetchbeki asosiga qurilgan.Uning old qismi biroz o‘zgargan, kuzov o‘rta ustundan boshlab butunlay qayta ishlangan. Uning texnik tavsifi hozircha oshkor qilinmayapti, uning uzunligi 4 m dan oshmasligi ma'lum, xolos.

Avtomobil keyingi yildan konveyerga qo‘yiladi. Sedan xetchbek bilan bitta konveyerda chiqarilishini inobatga olgan holda ekspertlar u Beat’dan 1 l hajmli 3 silindrli dizelli dvigatelni hamda 5 diapazonli mexanik tranmissiyani olishini taxmin qilmoqda. Boshqa bozorlar uchun modelning benzinli modifikatsiyasi ham chiqarilishi mumkin, u holda kapot ostida 1.2 l li 87 ot kuchiga ega motor bo‘lishi kutilmoqda.
Sedan ikkita xavfsizlik yostig‘iga va MyLink2 multimedia tizimiga ega bo‘ladi. Uning Hindistondan tashqari yana qanday bozorlarga chiqarilishi noma'lumligicha qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyidan e'tiboran Rossida Chevrolet Spark’ning qayta ishlangan versiyasi – Ravon R2 xetchbeki sotuvga chiqariladi. Chevrolet Essentia sedani Ravon markasi ostida Rossiyada ham sotuvga chiqarilishi ehtimoldan holi emas.

Ko‘proq yangiliklar: