3 fevralda chop etilgan O‘zbekiston Axborot xavfsizligini ta'minlash markazining ma'ruzasida 2015 yilda .uz domen hududidagi 493 ta sayt xakerlar hujumiga uchragani aytildi.
"2015 yilda Markaz tomonidan uz domen hududidagi 493 ta veb-sayt bilan bog‘liq axborot xavfsizligi bo‘yicha 40 ta holat o‘rganilgan", deb aytilmoqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan kiberxavfsizlik bo‘yicha anjumanda tarqatilgan ma'ruzada.
Ma'ruza mualliflarining aniqlashicha, ko‘pchilik buzib kirilgan veb-saytlar kontentni boshqarish tizimi WordPress (68 foiz) va CMS Joomla (23 foiz)dan foydalanib yaratilgan.
Hujumlar oqibatida 95 ta saytda bosh sahifa o‘zgartirilgan (deface), bunday hujumlar umumiy hujumlarning 19,2 foizini tashkil qilgan, 389 ta saytning fayl tizimiga beruxsat kirilgan (78,9 foiz), 4 ta saytda (0,8 foiz) fishing kontent va 5 ta saytda (1,1 foiz) qonunga zid kontent (shafqatsizlik harakatlari akst etgan materiallar) o‘rnatilgan.
"Ko‘pchilik hollarda sayt egalari ularga tegishli saytning xavfsizligiga yetarlicha e'tibor bermaydilar. Buni buzilgan saytlarning asosiy qismi kontentni boshqarishning eski tizimlari hamda zaif plagin, modul va CMS kengaytmalaridan foydalanishlari tasdiqlaydi", deyilmoqda ma'ruzada.
Saytlarning buzilishining keng tarqalgan yana bir sababi saytlar yaratuvchilari avval zararlangan komponentlar va shablonlardan foydalanishlari hisoblanadi.
2015 yil natijalariga ko‘ra, uz domen hududida 25560 ta faol domen qayd etilgan, bu ko‘rsatkich 2014 yildagidan 24 foiz ko‘proq bo‘lgan.
Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi 2013 yilda yaratilgan va O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida faoliyat yuritadi. Uning vazifalariga O‘zbekiston davlat idoralari axborot tizimlari va resurslari xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, internetning milliy segmentida axborot xavfsizligida ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish masalalarida xalqaro miqyosdagi hamkorlik kiradi.