Mashhurlar hayotidan: Leonid Gayday va Shurik bitta odammi?

Jamiyat 21:02 / 01.02.2016 27508

“Iltimos, sekinroq gapirsangiz, yozib olay”, “Qisqaroq qiling. Sklifosovskiy”, “Ishlamagan tishlaydi. O‘rgan, student!”, “Imtihon men uchun hamisha bayram”. Mazkur jumlalar hammamizga yod bo‘lib ketgan. Leonid Gayday filmlari ijodiy topilmalarga shu qadar boyki, qancha tomosha qilsang, yangilik topaverasan. Bugungi maqolamizda daho rejissyor hayoti va ijodiga nazar tashlaymiz.

Gayday yoshlik paytida uy qurilishida qatnashgan, vaqti kelib talaba bo‘lgan, urush vaqtida dushmanlarni asirga olgan. Tanish manzaralar, shundaymi? “Y operatsiyasi” filmining uchchala qismi ham Gayday hayotiga juda yaqin. Lavhalarning ba'zilarini u o‘z hayotidan olgan. Masalan, “Sheriklar” novellasida ta'zirini yegan Fedya hamma ishga “Men” deb javob qaytargan sahna. Urush vaqtida Gayday frontga rosa oshiqqan. Harbiy komissar qismga kelib, askarlarni urushga olib ketish uchun suhbat uyushtiradi:
- Kavaleriyaga!
- Men!
- Artilleriyaga!
- Men!
- Piyoda qo‘shinlarga!
- Men!

Komissar Gaydayga yuzlanadi: “Sabr qilsangiz-chi! Ro‘yxatni oxirigacha o‘qib olay!” Gayday hayotidagi bu hodisa keyinchalik filmga kiritiladi va millionlab odamlar xotirasiga muhrlanadi.

“Brilliant qo‘l” komediyasidagi Gorbunkovning sirg‘alib yiqilishi sahnasi esingizdadir? Avvaliga bu lavha uchun o‘sha paytlarda juda noyob bo‘lgan banan mevasini sotib olishadi. Lekin lavha o‘xshamay qoladi. Ilojsiz qolgan ijodiy guruh biz bilgan lavhani tarvuz yordamida amalga oshirishganini film orqali yaxshi bilasiz.

“Sheriklar” filmida ikki safar ham “Naryadning hammasini o‘qib ko‘ringchi” - deydigan piyonista rolini Gaydayning o‘zi o‘ynagan. Bundan tashqari “Kavkaz asirasi” komediyasidagi Nikulinning oyoq qashlash sahnasida choyshab tagida Gayday bor bo‘lgan deyishadi. Ba'zilar esa buni liliput amalga oshirgan deydi.

Rejissyorning rafiqasi - Nina Grebeshkova ham kinodan uzoq emasdi. U mashhur komik aktrisa bo‘lib, “Brilliant qo‘l” filmida Gorbunkovning turmush o‘rtog‘i rolini gavdalantirgan. Aynan Ninaning aytishicha, Gayday Shurik obrazida o‘zini tasvirlagan!
Gayday “Brilliant qo‘l” filmining yakuniga yadro bombasining portlash sahnasini joylashtiradi. Komissiya bu lavhani olib tashlanishini talab qiladi. Rejissyor bunga rozi bo‘ladi. Lekin komissiya buning evaziga Gaydayning talabini bajarishga majbur edi: Filmning boshqa hech bir lavhasiga teginilmaydi! Gayday o‘z filmini shu ayyorlik orqali tahdidlardan saqlab qolgan.

Leonid Gayday mashhur shoir Mixail Svetlov ijodining ixlosmandi edi. O‘z filmlarida uning she'rlaridan umuman foydalanmagan. Lekin baribir unga bo‘lgan ixlosini kino tarixiga muhrlagan. “Brilliant qo‘l” filmidagi teploxod nomi Gaydayning xohishi bilan “Mixail Svetlov” deb qo‘yilgan.

“Brilliant qo‘l” komediyasidagi baliq ovlash sahnasi kinotanqidchilarga u qadar ma'qul kelmagan va bu sahnani qisqartirishni so‘rashgan. Gayday esa yana bir bor o‘z topag‘onligini namoyish qilgan. Doimo hamkorlik qiluvchi bastakori Zatsepinga murojaat qilib, tez ohangli musiqa yozish kerakligini uqtiradi. Bu musiqani baliq ovlash sahnasiga joylashtirishadi. Qizig‘i, tezkor ohangli musiqa qo‘shilgan lavhani qaytadan tomosha qilgan tanqidchilar o‘z talablari bajarilganidan boshi osmonga yetadi…

Leonid Gayday ijod namunalarining ingliz tilidagi nomlanishi ham qiziq. “Kavkaz asirasi” filmini Kidnapping, Caucasian style (“Kavkazcha usulda odam o`g`irlash”) deb tarjima qilishgan. “Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi” kinokomediyasining muqobil nomi esa boshqa bir mashhur film nomi bilan hamohang: Back to Future (“Kelajakka qaytib”).

Hozirgacha sevib kuylanuvchi “Ayiqlar haqida qo‘shiq” taronasi dastavval Gaydayning tanqidiga uchragan. “Voqealar yozda sodir bo‘layotgan bo‘lsa, ayozga nima bor, axir?! Bunday qo‘shiqni xalq kuylamasligi aniq”. Vaqti kelib Gayday yanglishganini tan olgan deyishadi.

“9-rota” filmini ham tomosha qilgansiz. Sovet askari afg‘on qishlog‘iga kelganda eshakka duch keladi. Bu eshak Gaydayning “Kavkaz asirasi” da suratga tushgan, Shurikning sarguzashtlariga hamrohlik qilgan o‘sha mashhur jonivorning o‘zi edi!
“Yashash, men sizlarga aytsam, yaxshi. Yaxshi yashash yana ham yaxshi. Yashang”, aziz o‘quvchi! Omon bo‘ling!!!

Internet ma'lumotlari asosida Bahodir Anorov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: