2015 yilda Ukraina mahsulotlarining O‘zbekistonga eksport qilinishi 44 foizga kamaydi

Iqtisodiyot 20:10 / 28.01.2016 4069

Ukraina 2015 yil davomida O‘zbekistonga jami 154,4 mln dollar hajmidagi mahsulotlarini eksport qilgan. Bu esa 1 yil oldingi ko‘rsatkichlarning qariyb yarmigacha kamayganini bildiradi. Bu haqda Ukraina iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi ma'lumotida aytilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, 2015 yilning 11 oyi davomida 2014 yilning xuddi shu holatiga nisbatan Ukrainadan O‘zbekistonga yetkazib berilgan mahsulotlar hajmi 44 foizga kamaygan. O‘z navbatida O‘zbekistondan import qilingan mahsulotlar hajmi 12,7 foizga kamayishi qayd etilgan (57,3 million dollar).

"Umuman olganda, Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 2015 yilning 11 oyida undan oldingi yilning shu holatiga nisbatan 38,3 foizga kamaygan va 211,7 million dollarni tashkil etgan", deyiladi xabarda.

Ukraina savdo vakili Natalya Mikolskoyning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga eksportning oshirilishi uchun Ukraina MDH doirasidagi erkin savdo hududi to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha harakat qiladi.

Ukraina parlamenti 27 yanvar kuni O‘zbekiston bilan erkin savdoni ma'qullagandi.

Deputat Anna Gopkoning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonunning ratifikatsiya qilinishi Ukraina mahsulotlari uchun yangi bozorlarni ochadi.

MDH doirasidagi erkin savdo hududi to‘g‘risidagi bitim 2011 yil 18 oktabrida uning ishtirokchilari bo‘lmish Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldaviya, Tojikiston va Ukraina tomonidan ma'qullangan. Ukraina bitim bayonnomasini 2013 yil 31 mayida imzolagan, biroq Rada shu kungacha mazkur hujjatni ratifikatsiya qilmagan edi.

Bayonnoma talablariga muvofiq, O‘zbekiston tomoni Ukraina mahsulotlariga nisbatan import va eksport bojlarini qo‘llamaydi.

Ko‘proq yangiliklar: