XVJ ijrochi direktori lavozimi uchun nomzodlarni saralash boshlandi

Iqtisodiyot 14:25 / 25.01.2016 3278

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) ijrochi direktori Kristin Lagardning vakolatlari shu yilning 5 iyul kuni nihoyasiga yetadi.

Shu sababli ijrochi direktorlika nomzodlarni tanlash jarayoni boshlandi. Taxlilchilarning fikricha, Kristin Lagard yana bir bor mazkur lavozimga da'vogarlik qilishi mumkin.

Financial Times nashri xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining amaldagi rahbari Kristin Lagardni ikkinchi muddatga rasman nomzod qilib ko‘rsatdi. Davos anjumanida uning o‘zi ham ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yish niyati borligini aytgan edi.

Nomzodlarni tanlash jarayoni rasman boshlangani haqida jamg‘arma direktorlar Kengashi duayyeni (rahbari), Rossiya vakili Aleksey Mojin e'lon qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, tanlov jarayoni ochiq va shaffof bo‘ladi. Nomzodlarni saralash bosqichi mart oyi boshlarida yakunlanadi.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi matbuot xizmati tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Direktorlar kengashi nomzodlarni saralash borasida to‘rtta banddan iborat qaror qabul qilgan.

Unda ta'kidlanishicha, ijrochi direktorlika nomzod yuqori professional malakaga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, nomzod iqtisodiy siyosatni yuritishda oliy darajali tajribaga ega bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, nomzod jahon hamjamiyati oldida turgan chaqiriqlarni anglab yetishi shart hisoblanadi. Nomzod har tomonlama hamkorlikka tayyor turishi kerak.

Nomzodlarni Jamg‘arma Direktorlar Kengashi va Boshqaruv Kengashi a'zolari ilgari surishi mumkin. Eng so‘nggida esa, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining oliy organi - tashkilotga a'zo mamlakatlarning moliya vazirlari yoki markaziy banki rahbarlari tomonidan qaror qabul qilinadi. Nomzodlar shu yilning 21 yanvaridan 10 fevralga qadar ko‘rsatilishi kutilmoqda. Nomzodlarning ismi-sharifi Xalqaro Valyuta jamg‘armasi mas'ul kotibiga taqdim qilinadi. Aynan mas'ul kotib ko‘rsatilgan nomzod ijrochi direktorlika mos kelishi yoki mos kelmasligini aniqlaydi. Nomzodlar so‘nggi daqiqalargacha - ya'ni Direktorlar Kengashiga taqdim qilingunga qadar sir saqlanadi.

Agar ro‘yxatda uch kishidan ortiq nomzod bo‘lib qolsa, u holda Kengash bir hafta mobaynida uch nafar nomzodni tanlab olishi kerak. Buning uchun Kengash a'zolari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi. Norasmiy kelishuvlarga ko‘ra, Jamg‘armaga Yevropa mamlakatlarining vakili rahbarlik qilishi an'anaga aylangan. Jahon bankiga esa AQSh vakili prezidentlik qiladi. Yakuniy bosqichda XVJ Direktorlar Kengashi Vashingtonda uchrashuv o‘tkazib, ijrochi direktorni saylashadi. Saylov jarayoni 3 martga qadar yakunlanishi kerak.

Lagardni qo‘llab-quvvatlovchilar soni ko‘p bo‘lgani tufayli u keyingi besh yil davomida ham o‘z o‘rnida qolishi taxmin qilinmoqda. Lagard xonim 2011 yilning iyul oyidan beri mazkur lavozimda ishlab keladi. U bu lavozimni hamyurti - fransiyalik Dominik Stross-Kandan so‘ng egallagan edi. Ma'lumki, Fransiya prezidentligiga nomzodini ko‘rsatishga uringan Stross-Kan Nyu-Yorkdagi mehmonxonalardan birida xodimaga shilqimlik qilganidan so‘ng mojarolar ostida qolib ketgan edi. Strass Kanndan avvalgi ijrochi direktor ispaniyalik Rodrigo Rato 2007 yilda iste'foga ketishga majbur bo‘lgan edi. O‘shanda Rossiya muqobil saylovlar o‘tkazib, bu lavozimga chexiyalik iqtisodchi Yozef Toshovskiy nomzodini ilgari surgan edi. Tahlilchilar mazkur tashabbus Xalqaro Valyuta Jamg‘armasida demokratik o‘zgarishlar boshlanishini aytishgan edi. Biroq, Rossiya tashabbusi qo‘llab-quvvatlanmadi. Hatto Chexiya Yevropa Ittifoqidagi xamkorlari bilan birdamligini bildirish maqsadida, o‘z vakilini emas Stross-Kann nomzodini qo‘llab-quvvatlagan edi. Ayni damda Yozef Toshovskiy Bazeldagi Xalqaro Hisob-kitoblar Banki huzuridagi moliyaviy barqarorlik Institutiga rahbarlik qilmoqda. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi tarixida eng uzoq muddat fransuz Mishel Kamdessyu ijrochi direktorlik qilgan. U uch muddat, ya'ni 1987 yildan 2000 yilga qadar Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimida ishlagan. To‘g‘ri, u ham izzat-ikrom bilan, ammo majburan iste'foga chiqarilgan. U Jamg‘armaning asosiy aksiyadori bo‘lmish AQShdan mustaqil ravishda faoloiyat yuritishga harakat qilgani aytiladi. Shuni ta'kidlash kerakki, Jamg‘arma ijrochi direktorining birinchi o‘rinbosari albatta AQSh fuqarosi bo‘lishi kerak.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (International Monetary Fund, IMF) BMTning ixtisoslashtirilgan muassasi bo‘lib, qarorgohi Vashingtonda joylashgan. BMTning 1944 yil 22 iyulida Bretton-Vud konferensiyasida valyuta-moliya masalalari muhokama qilinar ekan, XVJ Xartiyasi ishlab chiqildi. XVJ konsepsiyasini ishlab chiqishda Buyuk Britaniya delegatsiyasining rahbari Jon Meynard Keyns va AQSh moliya vazirligining yuqori lavozimli xodimi Garri Dekster Uaytning xizmatlari katta bo‘ldi. Bitim 29ta davlat vakillari tomonidan 1945 yilning 27 dekabrida imzolanadi. XVJ ilk bor o‘z faoliyatini 1947 yilning 1 martida boshladi. Ayni damda XVJga 188ta davlat a'zo bo‘lib kirgan. Uning tuzilmalarida 133 mamlakatning vakillari bo‘lmish 2500 kishi faoliyat yuritadi.

XVJning oliy organi har bir a'zo mamlakat vakillaridan (Moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlari) iborat Boshqaruvchilar Kengashi hisoblanadi. Kengash Jamg‘arma faoliyatida eng muhim bo‘lgan masalalarni muhokama qiladi.

Ijroiya Kengash esa 24 nafar ijrochi direktordan tashkil topgan bo‘lib, jamg‘arma olib boradigan siyosat uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan va muhim qarorlarni qabul qiladi. Direktorlarni Jamg‘armada katta kvotalarga ega sakkizta mamlakat - AQSh, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya va Saudiya Arabistoni tayinlaydi. Qolgan 176 mamlakat tomonidan 16ta guruh tashkil etilgan.

Ijroiya kengash besh yil muddatga ijrochi direktorni (Managing Director) saylaydi.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: