Janubiy Koreyada 2015 yilda rekord miqdorda gibrid avtomobillar sotildi

Iqtisodiyot 09:41 / 25.01.2016 3894

Koreya Respublikasida sotilgan gibrid dvigatelli avtomobillar soni rekord miqdor – 39 ming donaga yetdi. Bu haqda Koreya avtoimportyorlari va distribyutorlari assotsiatsiyasi ma'lumotiga tayanib TASS xabar berdi.

“Mazkur raqam 2012 yilda o‘rnatilgan rekorddan oshdi, o‘shanda mamlakatda 38,3 ming gibrid mashina sotilgan edi”, - deyiladi xabarda. Xususan, o‘tgan 2015 yilda mamlakatda 22,6 ming dona Hyundai Motor kompaniyasining gibrid mashinasi o‘z xaridorini topgan. Ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasidan esa Yaponiyaning Toyota Motor kompaniyasi o‘rin oldi.

Bir yil davomida koreyslar 9 ming dona gibrid “Toyota” xarid qilishgan. Kia Motors 6,5 mingta ana shunday mahsulot sotib uchinchi o‘rinni band etgan. Boshqa xorijiy ishlab chiqaruvchilar ulushi esa 750ta mashinaga teng bo‘lgan.

Tashkilot ma'lumotiga ko‘ra, 2008 yilda sotilgan bunday avtomobillar soni 1070 donani tashkil etgan edi. Ekspertlar fikricha, ko‘plab fuqarolar ongli ravishda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashda o‘z hissasini qo‘shish maqsadida gibrid avtolar xarid qilmoqda. Bashoratlarga ko‘ra, 2016 yilda Janubiy Koreyada 50 mingta ana shunday mashinalar sotiladi.

Ko‘proq yangiliklar: