2015 yilda Farg‘ona viloyati iqtisodiyoti 8 foizga o‘sdi

Iqtisodiyot 12:33 / 25.01.2016 6037

Farg‘onada 2015 yil yakunlari va 2016 yilda viloyat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshqargan yig‘ilishda 2015 yili viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishilgani qayd etildi. Yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur'ati 8 foizni tashkil etib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 12,7 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 7, chakana tovar aylanmasi 14,6 va xizmatlar ko‘rsatish 18,3 foizga o‘sdi.

Hisobot davrida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, investitsiya jalb etish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar qilindi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 584 milliard so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 3 ming 881 istiqbolli loyiha amalga oshirildi.

Bu, o‘z navbatida, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va hududiy eksport hajmini sezilarli darajada oshirishni ta'minladi – 489 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun yaratilayotgan investitsion muhit va zarur sharoitlar tufayli hududda kichik biznes sub'yektlari soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

O‘tgan yili 2 ming 260 yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etildi. Tadbirkorlik sub'yektlariga tijorat banklari tomonidan 812 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Kichik biznes sub'yektlarining viloyat yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 63,2 foizga yetdi.

Shuningdek, kichik biznes sub'yektlariga qulaylik yaratish maqsadida 2016 yil 1 yanvardan boshlab, barcha shahar va tuman hokimliklarida tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi “yagona darcha” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda tadbirkorlarga 16 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatish ushbu markazlar tomonidan amalga oshirilmoqda.

“Keksalarni e'zozlash yili” viloyat hududiy dasturi doirasida yoshi ulug‘ insonlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga barcha manbalar hisobidan 676 milliard so‘m hamda 39,5 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.

Investitsiya dasturi doirasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida 57 aholi yashash punktida 32 quduq qazildi, 55 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Bu 76 mingdan ziyod aholining ichimlik suviga bo‘lgan talabini yaxshilash imkonini berdi. 30 qishloq massivida bir ming o‘n to‘qqiz namunaviy loyiha asosidagi uy-joy foydalanishga topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: