Reuters: Tailandda Malayziyaning yo‘qolgan Boeing samolyoti bo‘laklari topilgani taxmin qilinmoqda

Jahon 10:46 / 24.01.2016 3315

Tailand janubida falokatga uchragan samolyotning bo‘laklari topildi. Bu bo‘laklar 2014 yilda yo‘qolib qolgan, Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777-200 samolyotiga tegishli bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.

Mahalliy ma'muriyat rahbari Tanyapat Pattxikongpanning aytishicha, katta egik holdagi metall bo‘lagi mamlakatning janubidagi Nakxonsitxammarat viloyati sohiliga suv bilan chiqarib tashlangan. Bu bo‘lak mahalliy aholi tomonidan topilgan, ular bu haqda politsiyaga xabar berishgan.

“Qishloq aholisi eni 2 metr, uzunligi 3 metr keladigan bo‘lakni topib olishdi”, deb aytdi Pattxikongpan.

Topilgan bo‘lak haqidagi axborot Tailand OAVlarida uning yo‘qolgan Boeing’ga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqida ko‘plab taxminlarni yuzaga keltirdi.

Rasmiylar bu taxminni tasdiqlashmadi. Pattxikongpanning aytishicha, “baliqchilar
bo‘lak unga yopishib ketgan chig‘anoqlarga qaraganda suv ostida bir yil yotgan bo‘lishi mumkin, deb aytishgan”.

Bortida 227 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan Boeing 777-200 samolyoti Kuala-Lumpurdan Pekinga uchib ketayotganda 2014 yil 8 martiga o‘tar kechasi g‘oyib bo‘lgan. Samolyot bilan aloqa uzilgandan keyin uning keyingi taqdiri hanuzgacha noma'lumligicha qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: