O‘zbekiston kompaniyalari 2016 yilda Qandim loyihasi uchun 108,8 mln dollar yo‘naltiradi

Iqtisodiyot 21:06 / 21.01.2016 9749

"O‘zbekiston temir yo‘llari" OAJ Rossiyaning LUKOYL kompaniyasi bilan hamkorlikdagi Qandim gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishtirok etib, Buxoro viloyatidagi bu hududga 50 mln dollar sarflab, temir yo‘l o‘tkazadi. "O‘zbekenergo" esa bu loyihani elektr bilan ta'minlash ishlari doirasida 58,5 mln dollar yo‘naltiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 8 sentabrdagi Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan gazni qayta ishlash zavodi kompleksini qurish va Qandim guruhi konlarini jihozlashning texnik-moliyaviy asoslarini tasdiqlash bo‘yicha qaroriga muvofiq, 2016 yilning oxirishacha "O‘zbekiston temir yo‘llari" OAJ gazni qayta ishlash zavodi hududi bilan bog‘lovchi 48,7 km uzunlikdagi temir yo‘l o‘tkazishi belgilangan. Shuningdek, "O‘zbekenergo" OAJ 90 kilometrlik elektr uzatish liniyasi (220 kV) qurishi ko‘zda tutilgan. Bu ishlarga jami 108,8 mln dollar yo‘naltiradi.

2015 yilning fevralida Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering kompaniyasi boshchiligidagi pudratchilar konsorsiumi bilan O‘zbekistondagi Qandim gazni qayta ishlash majmuasiga uskunalar yetkazib berish va qurilishda ishtirok etish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.

Qandim gazni qayta ishlash zavodining birinchi navbati 2018 yilning 1 iyuligacha ishga tushiriladi.

Yiliga 8,1 milliard metr kub gaz ishlab chiqara oladigan majmua Buxoro viloyati hududidagi Qandim gaz konlari guruhidagi oltingugurt va vodorodli tabiiy gazni qayta ishlab, tozalangan tabiiy gaz, barqaror gaz kondensati, shuningdek oltingugurt olish imkonini beradi.

Qandim gazni qayta ishlash zavodi qurilishining texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlangan.

Hujjatda ta'kidlanishicha, loyiha uch bosqichdan iborat bo‘ladi.

Loyihaning birinchi bosqichida (2015-2018 yillar) 77ta loyihaviy quduqni jihozlash, quduqlar guruhini joylashtirish uchun 6ta maxsus maydon, 2ta yig‘ish punkti, gaz eksporti quvurlari, navbatchilar shaharchasi, tashqi infratuzilma obektlari, Qandim guruhi konlarida yillik hajmda 7,819 milliard kub metr tovar gazi, 134,36 ming tonna barqaror kondensat va 212,9 ming tonna birlamchi xom ashyo ishlab chiqaruvchi gazni qayta ishlash zavodini barpo etish ko‘zda tutilgan. 2018 yil dekabrida obektlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Loyihaning ikkinchi bosqichi (2020-2029)da 21ta loyihaviy qudug‘ini jihozlash, quduqlar guruhini joylashtirish uchun 2ta maxsus maydon, 2ta kompressorli siqish stansiyasi va transport infratuzilmalari obektlarini qurish ko‘zda tutilgan.

Uchinchi bosqichda esa 2028-2032 yillarda Hoji, G‘arbiy Hoji, Oqqum-Parsanko‘l konlarida 16ta loyihaviy quduq 3ta maxsus maydon, 2ta yig‘ish punkti va 2ta kompressorli siqish stansiyasi bunyod etiladi.

Hyundai Engineering Co., Ltd. kompaniyasi bilan Lukoil Uzbekistan Operating Company MChJ o‘rtasida uskunalar yetkazib berish, gazni qayta ishlash zavodi kompleksini qurish va Qandim konlari guruhini obodonlashtirish to‘g‘risida barcha ishlarni tayyor holda topshirish sharti bilan, umumiy qiymati 2,662 milliard dollarlik shartnoma tuzilgan.

Qandim gazni qayti ishlash zavodining qurilishi «Lukoyl»ning O‘zbekistondagi eng yirik investitsiya loyihasi bo‘ladi. Buning uchun 2000ta yangi ish o‘rni yaratiladi, qurilish yuqori darajaga chiqqanda 10 mingga yaqin ishchi jalb etiladi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi va qurilish uchun ishchi hujjatlarni Hyundai Engineering kompaniyasi ishlab chiqadi.

LUKOYL rahbariyati xitoyliklar bu loyihaning 30 foizlik qismini xarid qilishga qiziqish bildirgani to‘g‘risida ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: