Yaponiya Markaziy Osiyoni rivojlantirishga 25 mlrd dollar tikadi

Iqtisodiyot 11:18 / 30.12.2015 5654

Yaqinda Markaziy Osiyo davlatlarida 9 yildan buyon birinchi marta Yaponiya hukumati rahbari Sindzo Abe bo‘lib, mintaqaning barcha besh mamlakatida bo‘ldi. Mazkur uchrashuvlar natijasida iqtisodiy va gumanitar sohalarda bir qancha kelishuvlar imzolandi. Yaponiya yaqin 5 yil ichida mintaqaga 25 mlrd dollar yo‘naltirishi e'lon qilindi.

Sindzo Abe turnesi tahlilchilarning va ekspertlarning diqqatini o‘ziga tortdi. Ular Yaponiyaning bu mintaqadagi asl maqsadlarini aniqlashga tirishishdi. Iqtisodiy jihatdan bu yerda ikkita asosiy kuch yetakchilik qiladi – Rossiya va Xitoy.

Kapital kiritmalari ko‘lamiga ko‘ra Xitoy 6 yildan buyon Rossiyadan oldinda bormoqda. Xitoy yoqilg‘i-neft kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 25.3 mlrd dollarni tashkil qiladi, ammo ularning 90 foizi Qozog‘iston neft-gaz sektoriga yo‘naltirilgan. Xususan, CNPC Qozog‘istonning bu sektoriga 12 mlrd dollar pul ajratgan, yana 6.2 mlrd dollar Qozog‘iston hududidan Markaziy Osiyo resurslarini Xitoyga yetkazish uchun quvurlar o‘tkazishga yo‘naltirgan.

Shu maqsadlarda O‘zbekistonga ham 1.7 mlrd dollar ajratilgan. Bundan tashqari, Sinopec Qozog‘iston uglevodorodlariga 1.4 mlrd dollar ajratdi. Bu XXR Markaziy Osiyoga xom ashyo manbasi sifatida qarayotganidan dalolat beradi, deb hisoblaydi ekspertlar.


Xitoy kompaniyalari, shuningdek, Tojikistonda ham faol ishlamoqda, ammo bu holatda ular Tojikiston firmalariga bevosita investitsiyalar kiritmay, uzoq istiqbolli kreditlar ajratish bilan kifoyalanmoqda.
Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari asosiy ofshor va boshqa yurisdiksiyalar orqali kirib kelishi bois aniq hisob-kitob qilinmaydi. Rossiyaning Markaziy Osiyodagi real kapitali hajmi 14.5 mlrd dollar deb chamalanadi.

Bu jihatdan Rossiya mintaqadagi ikkinchi yirik investor hisoblanadi hamda boshqalardan katta uzilish bilan yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, Rossiya investorlari, xitoylik hamkasblari singari, asosan Qozog‘istonda ishlashni ma'qul ko‘radi: Rossiyaning Qozog‘istondagi investitsiyalari hajmi 9 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Ulardan keyingi o‘rinlarda mintaqada AQSh va Janubiy Koreya turadi, lekin ushbu davlatlarning investitsiyalari yuqoridagilardan ancha kamdir. Yaponiya kompaniyalari yaqin paytgacha asosan Rossiyada faoliyat yuritar, Markaziy Osiyoga esa deyarli qiziqish bildirmas edi. Faqat ikkita loyihadagi ishtiroki ko‘zga tashlanadi: Qochag‘on konida portfelli investor sifatida Yaponiyaning Inpex korporatsiyasi ishlagan bo‘lsa, Sumitomo Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida rangli metallurgiya loyihasini amalga oshirmoqda.

Ammo Markaziy Osiyo salohiyati hamda ko‘pchilik sektorlarda raqobatning kuchsizligi Yaponiya korporatsiyalarini o‘z xatti-harakatlarini qayta ko‘rib chiqib, faolroq ishlashga undamoqda. Erkin kapital bo‘lganida, siyosiy hamkorlik kuchaygan bir pallada yaponiyalik biznesmenlar ushbu vaziyatdan foydalanib qolishlari zarur, deb hisoblaydi Yevrosiyo taraqqiyot banki integratsion tadqiqotlar markazi direktori Yevgeniy Vinokurov.

Yaponiyalik investorlar birinchi navbatda xom ashyo resurslariga qiziqish bildirmoqda. Ammo yoqilg‘i kompleksida o‘z ulushini ko‘paytirish murakkab kechadi, negaki bu yerda ular Rossiya va Xitoy kompaniyalari bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi. Shu bois Yaponiya Markaziy Osiyoning ichki bozori bilan shug‘ullanishi mumkin. Jumladan, mashinasozlik kompleksiga mablag‘ kiritish o‘zini oqlashi mumkin. Infrastruktur loyihalar ham istiqbolli deb baholanmoqda.

Vinokurovning fikricha, Sindzo Abening tashrifida Yaponiya va Xitoy raqobati ko‘rinadi, ammo bu raqobat juda jiddiy emas. Yaponiya korporatsiyalari birinchi o‘ringa iqtisodiy sabablar majmuini qo‘ymoqda, bu esa arzon kapitalning mavjudligi va Markaziy Osiyo bozorlaridagi raqobatning kuschizligidir.

Vinokurov Yaponiyaning mintaqaga kirib kelishi Rossiya uchun jiddiy yo‘qotishlarni olib kelmasligini ta'kidlamoqda. Jumladan, neft sohasida Rossiya kompaniyalarining ishlari yaxshi ketmoqda. Boshqa tomondan esa, mintaqada Rossiya iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga ko‘proq e'tibor talab etiladi.

Ular uzoqni ko‘zlab tuzilgan strategiya doirasida rivojlantirilishi lozimligi ekspertlar tomonidan ta'kidlanmoqda. Hozircha Markaziy Osiyo davlatlarida rivojlanish banklari, savdo uylari, vakolatxonalar, filiallar ochish va hamkorlikni yanada jonlantirish yetishmayapti, deb xulosa qiladi rossiyalik mutaxassis.

Eldor Asanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: