Ukraina Oliy radasi Xalqaro valyuta jamg‘armasi shartlari hisobga olinib tuzilgan byudjyetni qabul qildi

Iqtisodiyot 10:46 / 25.12.2015 2021

Ukraina Oliy radasi 24 dekabrda Xalqaro valyuta jamg‘armasi shartlari hisobga olinib tuzilgan, 2016 yil uchun davlat byudjyetini qabul qildi. Hujjatni talab qilinadigan minimal 226 ovozda 263 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “112” telekanali ma'lum qildi.

Byudjyet YaIMning 3,7 foiz darajasidagi kamomad bilan tasdiqlangan, 2016 yilda daromadlar 595,1 mlrd grivnani (joriy kurs bilan 25,9 mlrd dollar), xarajatlar esa 684,5 mlrd grivnani (29,9 mlrd dollar) tashkil qilishi belgilangan. Inflyatsiya darajasi 12 foiz darajasida bo‘lishi, YaIM o‘sishi 2 foiz o‘sishi prognoz qilinmoqda. Grivnaning yillik o‘rtacha kursi bir dollar uchun 24,1 grivna qilib o‘rnatilgan.

Davlat byudjyeti XVJning tavsiyalariga ko‘ra yangi ishlangan soliq kodeksiga asoslanib tuzildi. Yangi kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, agar pensiya 3 minimal maoshdan oshsa, pensiyaga 15 foizlik soliq solinadi. Jismoniy shaxslardan daromad solig‘i 18 foiz (avval daromad miqdoridan kelib chiqib 15-20 foiz bo‘lgan), yagona ijtimoiy badal 22 foiz (ish beruvchi mehnat haqi jamg‘armasiga to‘laydi, avval 41 foiz bo‘lgan) qilib belgilandi.

Avvalroq AQSh moliya vaziri Jyeykob Lyu Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk bilan telefon suhbatida Kiyev 2016 yil uchun byudjyetni qabul qilishi kerakligini aytgandi. Lyu aks holda Ukrainaga ko‘rsatiladigan xalqaro moliyaviy ko‘mak to‘xtatilishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: