TAPH gaz quvurining Turkmanistondan o‘tadigan qismida qurilish ishlari boshlandi

Iqtisodiyot 16:53 / 13.12.2015 3278

13 dekabr kuni Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston gaz quvurining (TAPH) Turkmaniston hududidagi qismi qurilishi boshlandi. Mari shahrida o‘tkazilgan ochilish marosimida mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif, Afg‘oniston rahbari Ashraf G‘ani Ahmadzoy hamda Hindiston vitse-prezidenti Muhammad Hamid Ansoriy ishtirok etdi.

Quvur uzunligi 1814 kilometrni tashkil etishi mo‘ljallangan. Shundan 214 kilometrlik qismi Turkmaniston hududidan o‘tadi (Afg‘oniston hududida 774, Pokistondan Hindiston chegarasigacha 826 km). Afg‘onistondagi quvur Hirot va Qandahor shaharlari bo‘ylab, Pokistondagisi Kvett va Mo‘lton shaharlari bo‘ylab o‘tishi hamda Hindiston bilan chegaradagi Fazilka shahrigacha borishi aytilgan. Quvur bo‘ylab gaz haydash ishlari 2019 yildan boshlanishi kutilmoqda.

Quvur orqali yiliga 38 mlrd kubometr gaz tashilishi imkoniyatiga erishish rejalashtirilgan (Kuniga 90 million kubometr).

Ushbu loyiha qiymati 10 milliard dollarga baholangan bo‘lib, uni amalga oshirishda Turkmanistonga Osiyo taraqqiyot banki moliyaviy ko‘mak beradi.

Loyihaning texnik va iqtisodiy asosini bank buyurtmasiga ko‘ra Britaniyaning Penspen kompaniyasi tayyorladi.

Ma'lumot uchun, Turkmaniston gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Ko‘proq yangiliklar: