Independent: nemis qishlog‘ining aholisi muhojirlar hisobiga 7 barobarga oshadi

Iqtisodiyot 00:28 / 03.11.2015 2529

Germaniya mamlakatga kelayotgan maksimal sondagi qochqinlarni boshpana bilan ta'minlashga harakat qilishi tufayli mamlakatdagi 102 kishilik aholiga ega Zumte qishloqchasi 750 muhojirni qabul qilishga majbur bo‘lmoqda, deb xabar bermoqda The Independent nashri.

Quyi Saksoniyada joylashgan bu qishloqda bor-yo‘g‘i bitta ko‘cha bo‘lib, u bo‘ylab uychalar qad ko‘targan. Qishloqda hattoki do‘kon, maktab va politsiya bo‘limi ham yo‘q. 2 noyabrda qishloqqa 750 muhojir kelishi rejalashtirilgan. Shu tariqa qishloq aholisi bir kechada 7,5 barobarga oshib ketadi.

Dastlab qishloq ming nafar qochqinni qabul qila olishi taxmin qilingandi, biroq mahalliy kanalizatsiya tizimiga og‘irlik tushishining oldini olish maqsadida ularning sonini kamaytirishga qaror qilindi.

Qishloq meri Kristeyn Fabel va uning rafiqasi bu xabarni hazil sifatida qabul qilib, buni “aniq haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini” aytishgan.

“Bizda hech qanday infratuzilma yo‘q. Bizda jamoatchilik transporti ham deyarli yo‘q. Biz bir tupkada joylashganmiz”, deb izoh berib o‘tdi mer.

Mahalliy aholi yig‘ilishida muhojirlarning xatti-harakatlarini nazorat qilish uchun maxsus politsiya bo‘limini tuzish taklif qilindi. Biroq tuman politsiya boshlig‘i o‘rinbosari bu taklifni qabul qilmadi va buni “haddan ortiq chora” deb aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: