Jahon | 08:29 / 27.03.2025
5805
3 daqiqa o‘qiladi

Istanbulga kamolchilar vakili Nuri Aslan vaqtinchalik hokim etib saylandi

Istanbul shahar munitsipaliteti deputatlari tomonidan o‘tkazilgan ovoz berish natijasida amaldagi hukumatga muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi Nuri Aslan vaqtinchalik hokim lavozimiga saylandi.

Foto: ozdiyarbakirgazetesicom

Instanbul shahar sunitsipalitetda ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘lgan Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) vakillari o‘z safdoshlari Nuri Aslanning nomzodini 177 ovoz bilan qo‘llab-quvvatlashgan.

Adolat va taraqqiyot partiyasidan (ATP) ko‘rsatilgan nomzod Zaynulobiddin O‘qul saylovda mag‘lub bo‘ldi. U 125 ovoz jamg‘ara olgan, xolos.

Natijalar e’lon qilinganidan so‘ng, ekranda Akram Imomo‘g‘lining surati namoyon bo‘ldi. Shu vaqtda JXP deputatlari o‘rnilaridan qo‘zg‘alib, uni turib olqishlashgan, ATP deputatlari esa yig‘ilishni tark etishdi.

Nuri Aslan Istanbul shahar hokimligiga vaqtinchalik rahbar etib saylanganidan so‘ng, JXP rahbari O‘zgur O‘zal jamoa bilan xayrlashib, 7 kundan beri yashab kelayotgan shahar hokimligi binosini tark etgan. U hokimlik binosida yotib turishi uchun olib kelgan yig‘ma divanini ham olib ketgan.

Ayrim tahlilchilarning fikricha, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning «maksimal rejasi» — Imomo‘g‘lini terrorizmda ayblab, uning o‘rniga bevosita o‘z hokimiyatidan tayinlagan nomzodni qo‘yish edi. Biroq keng qamrovli norozilik namoyishlari tufayli Imomo‘g‘liga nisbatan faqat korrupsiya ayblovi saqlanib qoldi va shu sababli vaqtinchalik hokimni saylash jarayoni deputatlar ovozi bilan hal etilgan.

O‘zgur O‘zal munitsipalitet binosidan chiqar ekan, uni yo‘lning ikki tomoniga tizilgan odamlar qarsak bilan kutib olishgan. O‘zal bu g‘alaba orqali Istanbul shahrini o‘z partiyasi qo‘lida saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zalning bayonotiga ko‘ra, endi har kuni kechqurun Sarachaneda o‘tkazilayotgan norozilik mitinglari to‘xtatiladi. Endi bu harakatlar Imomo‘g‘lini Silivri qamoqxonasidan ozod etish va uni Turkiya Respublikasi prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatish maqsadida boshqa joylarga ko‘chiriladi.

Mavzuga oid