O‘zbekiston | 17:40 / 21.03.2025
1137
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Nauru bilan diplomatik munosabat o‘rnatdi

Bu boradagi tegishli kommyunike har ikki mamlakatning BMTdagi doimiy vakillari tomonidan imzolandi.

Foto: Dunyo

Nyu York shahrida O‘zbekiston va Nauru o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunike imzolandi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Nauruning BMTdagi doimiy vakili Lara Erab Daniyel imzolagan.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

«Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hujjatning imzolanishi O‘zbekiston bilan xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishda muhim qadam bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Shu tariqa, Nauru O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 159-davlat bo‘ldi. Bundan oldin O‘zbekiston fevral oxirlarida Surinam bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan edi.

Ma’lumot uchun, Nauru Tinch okeanning janubi-g‘arbiy qismidagi orolda joylashgan davlat. Maydoni 21 kvadrat kilometrni, aholisi esa 12,3 ming kishini tashkil etadi.

Mavzuga oid