Jahon | 13:36 / 20.03.2025
5288
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya bitkoin zaxiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘ringa chiqdi

Shimoliy Koreya dunyodagi eng yirik bitkoin egalari orasida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi, faqat AQSh va Buyuk Britaniyadan ortda qolmoqda. Bu keskin o‘sish, asosan, shimoliy koreyalik hakerlarning kriptovaluta o‘g‘irlash borasidagi muvaffaqiyatlari bilan bog‘liq, deb yozadi The Times.

Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat

Arkham Intelligence kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, kriptovaluta hamyonlari egaligini aniqlash uchun sun’iy intellektdan foydalangan holda o‘tkazilgan tadqiqot Shimoliy Koreya hakerlar guruhi Lazarus (ular TraderTraitor nomi bilan ham ma’lum) 13 ming 580 bitkoinga egaligini ko‘rsatdi. Bugungi kunda bu miqdor taxminan 1,15 mlrd dollar baholanmoqda.

Natijada, Shimoliy Koreya kriptovaluta zaxiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinda 16,5 mlrd dollarlik zaxira bilan AQSh, ikkinchi o‘rinda Buyuk Britaniya turibdi — ularning zaxirasi 5 mlrd dollar atrofida.

Shu bilan birga, AQSh va Buyuk Britaniya ushbu kriptoaktivlarni asosan jinoyatchilardan musodara qilingan mablag‘lar hisobidan qo‘lga kiritgan.

Lazarus Group dunyodagi eng muvaffaqiyatli jinoiy kibergurohlardan biri hisoblanadi. Uning hakerlik faoliyati orqali topgan mablag‘lari Kim Jong Un rejimi uchun muhim moliyaviy manba bo‘lib, jumladan, ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqish dasturlarini moliyalashtirishda qo‘llaniladi.

AQSh Federal tergov byurosi (FBI) ma’lum qilishicha, Lazarus kriptovaluta birjasi Bybitga uyushtirilgan hujumda 1,6 mlrd dollarlik Ethereumʼni o‘g‘irlagan. Bu hajm Shimoliy Koreyaning 2023 yildagi harbiy budjeti (1,4 mlrd dollar) dan ham yuqori.

Bu hozirgacha aniqlangan eng yirik kibero‘g‘irlik hisoblanadi. Avvalgi rekord 2003 yilda Saddam Husayn tomonidan Iroq Markaziy bankidan o‘g‘irlangan 1 mlrd dollarga tegishli edi.

Kriptobezopaslik sohasida mutaxassislashgan TRM Labs ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil fevral oyida dunyo bo‘ylab kriptovalutada o‘g‘irlangan 1,7 mlrd funt sterlingning 35 foizi Shimoliy Koreya hukumati bilan bog‘liq haker guruhlariga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid