Fan-texnika | 20:33 / 20.03.2025
4675
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyalik erkak ChatGPT uni qotillikda ayblagani uchun OpenAI’ni sudga berdi

Da’voga ko‘ra, chatbotning bu kabi noto‘g‘ri javoblari tuhmat va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi qoidalarini buzish hisoblanadi.

Foto: Getty images

Arve Yalmar Xolmen ismli norvegiyalik maxfiy ma’lumotlar himoyasiga ixtisoslashgan Avstriyaning NOYB notijoriy tashkiloti ko‘magida Norvegiya ma’lumotlar himoyasi boshqarmasiga OpenAI kompaniyasi ustidan shikoyat kiritdi.

Da’voda keltirilishicha, OpenAI tomonidan ishlab chiqilgan ChatGPT «Arve Yalmar Xolmen kim?» degan savolga u ikki bolani o‘ldirgani va 21 yilga qamalgani haqida javob qaytargan bo‘lib, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Xolmen va NOYB’ga ko‘ra, chatbotning bu kabi noto‘g‘ri javoblari tuhmat va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi qoidalarini buzish hisoblanadi.

NOYB bundan oldin ham ChatGPT odamlar haqida noto‘g‘ri biografik ma’lumotlarni taqdim etgani uchun OpenAI ustidan shikoyat kiritgan. Bunday holatlar neyrotarmoqlarning «gallyutsinatsiya»si, ya’ni foydalanuvchilarga o‘ylab topilgan faktlar va haqiqatga aloqasi bo‘lmagan javoblarni taqdim etishi bilan bog‘liq. NOYB’ga ko‘ra, ChatGPT ilgari ham odamlarga mavjud bo‘lmagan korrupsiya mojarolari, voyaga yetmaganlarni buzuqlikka undash va boshqa to‘qib chiqarilgan jinoyatlarni bog‘lagan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning oktyabrida AQShning Florida shtatida yashovchi Megan L.Garsiya Charaster.ai ilovasini yaratgan kompaniyani 14 yoshli o‘g‘li Syuyellning o‘limida ayblab, sudga da’vo kiritgandi.

Mavzuga oid