O‘zbekiston | 20:25 / 18.03.2025
10412
2 daqiqa o‘qiladi

Temu O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

Temu marketpleysi O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi. Xitoydan arzon tovarlar yetkazib beruvchi ushbu platformaga nisbatan O‘zbekistonda 20 martdan boshlab cheklov kiritilishi kutilayotgandi.

Foto: Getty images

Temu marketpleysi yuridik shaxs – O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita axborotida qo‘shimcha tafsilotlar keltirilmagan.

Temu'ning O‘zbekistonga rasman kirib kelishi hukumatning bosimi ortidan ro‘y berdi.

4 mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Soliq qo‘mitasi qo‘shma bayonot bilan chiqib, Temu O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq ishlamayotgani uchun marketpleys faoliyatiga cheklov kiritilishini e’lon qilgandi. O‘zbekistonliklarga platformada ortiq buyurtma bermaslik, hali yetib kelmagan buyurtmalar uchun to‘lovni esa qaytarib olish tavsiya etilgandi.

Rasmiylar buni Temu tomonidan O‘zbekistonning elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsga doir ma’lumotlar, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunlariga rioya qilinmayotgani bilan izohlagan.

2024 yilda oxirida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan e’tiboran O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy elektron savdo platformalarining faoliyati taqiqlanadi. Ular yo O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi yoki shu’ba korxonasini tashkil etishi kerak bo‘ladi.

Marketpleyslar sohasi regulyatori – Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga ko‘ra, o‘tgan yili o‘zbekistonliklar Temu'dan jami 10 mln dollardan ortiq narxdagi tovarlarni xarid qilgan.

Mart oyi boshida cheklov haqida e’lon qilingach, Temu O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olingan ilovalar ro‘yxatidan tushib ketgandi.

Ma’lumot uchun, yanvar oyida eBay ham O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Avvalgi yillarda Netflix, Amazon, Google, Apple, Zoom va boshqa yirik kompaniyalar ham O‘zbekistonda soliq to‘lovchiga aylangan.

Mavzuga oid