Human Righs Watch Rossiyani migrantlar huquqlarini himoya qilishga chaqirdi
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilot Rossiyani ksenofobiyaning har qanday namoyon bo‘lishini qoralashga va migrantlar huquqlarini ta’minlash choralarini ko‘rishga chaqirdi.

Foto: EPA-EFE
17 mart kuni Human Righs Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti Rossiya hukumatini ksenofobiyani qoralashga va Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqirgan hisobotini e’lon qildi. Xususan, bu Rossiyadagi migrantlar hayotini qiyinlashtiradigan zo‘ravonlik va yangi ma’muriy cheklovlarga tegishli.
2024 yil 22 mart kuni Moskvadagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida uyushtirilgan va 146 kishi halok bo‘lgan fojiali teraktdan so‘ng ayblanuvchilar orasida Markaziy Osiyodan kelganlar ham bor edi. Bu jamiyatda ksenofobik kayfiyat va migrantlarga nisbatan ta’qiblar kuchayishiga olib keldi, deyiladi hisobotda.
HRW hisobotida migrantlarga nisbatan ko‘plab zo‘ravonlik va kamsitish holatlari, jumladan huquqni muhofaza qilish organlari va o‘ta o‘ng guruhlar tomonidan qayd etilgan.
Yangiliklardan biri migrantlarning farzandlari rus tilidan imtihon topshirishi shartligi bo‘lib, bu ularning ta’lim olishida qo‘shimcha to‘siqlar yaratgan.
Human Righs Watch – inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro nohukumat tashkilotdir. U huquqlarning buzilishini tekshiradi, hujjatlashtiradi va hukumatlarga xalqaro standartlarga rioya qilish uchun bosim o‘tkazadi. HRW mahalliy inson huquqlari himoyachilari va BMT kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
2024 yil boshidan Rossiya hukumati migrantlarga nisbatan cheklovlarni kuchaytirdi, jumladan, «nazorat ostidagi shaxslar reyestri»ni yaratish va migrantlarni sud qarorisiz chiqarib yuborishga ruxsat beruvchi me’yorlarni qonunchilikka kiritdi.
Migrantlar ustidan nazorat ham kuchayib, yuzlab odamlarning bank xizmatlaridan foydalanishini qiyinlashtirdi.
Ushbu o‘zgarishlarga javoban Human Righs Watch Rossiyani ksenofobiyaning har qanday namoyon bo‘lishini qoralashga va migrantlar huquqlarini ta’minlash choralarini ko‘rishga chaqirdi. Tashkilot, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni Rossiyadagi migrantlar himoyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
2024 yilda Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlaridan 3,3 millionga yaqin mehnat migranti bo‘lgan. Rossiya iqtisodiyoti asosan migrantlar mehnatiga tayanadi, biroq ular oxirgi paytlarda o‘ta o‘ng guruhlar zo‘ravonligi va o‘zboshimchalik bilan hibsga olish kabi tahdidli sharoitlarga duch keldi, dedi hisobot mualliflari.
HRW shuningdek, politsiya va tinch aholi tomonidan zo‘ravonlik va kamsitish holatlari, shuningdek, migrantlar huquqlarini cheklovchi yangi qonunlar haqida ham xabar berdi.
Xususan, Rossiya rasmiylari politsiyaning vakolatlarini kengaytirib, migrantlarni sud qarorisiz deportatsiya qilishga ruxsat berdi, shuningdek, muddati o‘tgan hujjatlarga ega migrantlar reyestrini ham yaratdi.
Human Righs Watch tashkiloti Rossiyani ksenofobiya va zo‘ravonlikka nisbatan toqat qilmaslik siyosatini qabul qilishga va migrantlar huquqlarini buzuvchi qonunlarni bekor qilishga chaqirdi.
Tashkilot shuningdek, xalqaro hamjamiyatni, jumladan BMT va Yevropa Ittifoqini migrantlar huquqlarini himoya qilish uchun Rossiyaga bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
Mavzuga oid

22:26 / 19.03.2025
Putin Rossiya Odessaga da’vo qilmasligi shartini aytgan – «Kommersant»

18:28 / 19.03.2025
Moskvada yangi turar joy binolarini hindistonlik ishchilar qurishni boshladi

17:56 / 19.03.2025
Tramp noqonuniy migrantlarni «o‘z-o‘zini deportatsiya qilish»ga chaqirdi

13:17 / 19.03.2025