Jahon | 16:13 / 17.03.2025
1763
3 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili yana 4,5 yillik qamoq jazosini oldi

Gurjistonning sobiq prezidenti kamida 2034 yilgacha qamoqda qoladi.

Foto: AP

Tbilisi sudi Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini chegarani noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblab, 4 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Mtavari TV xabariga ko‘ra, o‘tgan hafta chiqarilgan hukm bilan birga, sudya sobiq prezidentni 12 yilu 6 oyga hukm qilgan.

Gurjistonda jazoni qo‘shish prinsipi qo‘llaniladi va qamoq muddati hibsga olingan paytdan boshlab hisoblanadi. Shunday qilib, Saakashvili kamida 2034 yil apreligacha panjara ortida qoladi.

Saakashvili hozirgi vaqtda Tbilisidagi Viva Medi klinikasida davolanmoqda va sud mahkamasida ishtirok etmadi. Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, sudlanuvchi onlayn ishtirok etib, yakuniy so‘z aytmoqchi bo‘lgan, biroq noma’lum sabablarga ko‘ra rad etilgan.

Ukraina pasportini olgach, Gurjiston fuqaroligidan mahrum qilingan Saakashvili 2021 yil oktabr oyida yashirincha vataniga qaytdi va oradan ko‘p o‘tmay hibsga olingan edi. Unga bir qancha jinoyatlar, jumladan, chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha ayblov qo‘yildi: Gurjiston prokuraturasi xabar berishicha, Saakashvili Ukrainadan Poti portiga kemada yetib kelgan, uni yuk mashinasi yordamida sut mahsulotlari solingan tirkama bilan tark etgan va shu tariqa Gurjistonga kirgan.

12 mart kuni sud Saakashvilini katta miqdorda budjet mablag‘larini o‘zlashtirishda aybdor deb topib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi budjetdan 9 million larini (taxminan 5 million dollar) shaxsiy ehtiyojlariga, ya’ni qimmatbaho kiyim-kechak sotib olishga, mashina ijaraga olishga, o‘g‘lining o‘qishi uchun pul to‘lashga va hokazolarga sarflagan. Gurjistonga qaytishdan oldin ham, 2018 yilda Saakashvili qotillikda ayblangan politsiyachilarni afv etishda vakolatini suiiste’mol qilgani uchun 6 yilga, deputat Valeriy Gelashvilini kaltaklagani uchun esa 3 yilga sirtdan qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Saakashviliga qarshi yana bir ish ko‘rilmoqda - 2007 yil 7 noyabrdagi muxolifat mitingini tarqatish bo‘yicha.

Mavzuga oid