Fan-texnika | 18:03 / 15.03.2025
2820
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask 2026 yil oxirida odamsifat robot Marsga uchishini e’lon qildi

Uning qayd etishicha, agar parvoz muvaffaqiyatli bo‘lsa, odamlar Marsga 2029 yildayoq qo‘nishi mumkin.

Foto: X / elonmusk

Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask odamsifat Optimus robotiga ega Starship koinot kemasi 2026 yil oxirida Marsga uchishini e’lon qildi.

Uning qayd etishicha, agar parvoz muvaffaqiyatli yakunlansa, odamlar Marsga 2029 yildayoq qo‘nishi mumkin. Ammo buning 2031 yilda sodir bo‘lishi «ehtimoli yuqoriroq».

Tesla Optimus - Tesla tomonidan ishlab chiqilgan robot prototipi. Mask rejalariga ko‘ra, Optimus 2025 yilda ommaviy ishlab chiqarilishi kerak. Model odatdagi va xavfli topshiriqlarni bajarishga yordam beradigan odamsifat robot sifatida taqdim etilgan. Uning kutilayotgan narxi 30 ming dollarni tashkil qiladi.

2024 yil kuzida Mask keyingi ikki yil ichida Marsga beshta Starship kosmik kemasi uchuvchisiz yuborilishini e’lon qildi. Tadbirkor bu davrni odatda har ikki yilda bir marta sodir bo‘ladigan Yer va Marsning «yaqinlashishi» bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar missiya muvaffaqiyatli bo‘lsa, 4 yil ichida odam tomonidan boshqariladigan parvozlar amalga oshirilishi mumkin.

Mavzuga oid