Zelenskiy otashkesimga rozi, Putin-chi?
Rossiya–Ukraina urushida o‘t ochishni to‘xtatish tomon muhim qadamlar tashlandi. Vashington Kiyevni ko‘ndirib, koptokni endi Moskvaga uzatdi – Kremldagilar hozircha jim. Xo‘sh, Saudiyadagi muzokaralardan qanday xulosalar qilish mumkin? AQSh va Ukrainaning pozitsiyasi qanday o‘zgaryapti? Kun.uz vaziyatni sharhlash uchun “Geosiyosat” dasturiga siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdi.
— Ukraina eng ko‘p xohlayotgan masala – AQShdan xavfsizlik kafolatlari bo‘lishi kutilyaptimi?
Farhod Tolipov: Biroz ortga nazar tashlasak, Zelenskiy va Trampning Oq uydagi uchrashuvida aynan shu xavfsizlik kafolatlari masalasi sabab ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan edi. Lekin Saudiyadagi uchrashuv natijalari “Muzyorar effekti”ni ko‘rsatdi. Bu juda katta qadamdek tuyulyapti.
AQSh davlat kotibi Marko Rubioga xavfsizlik kafolatlari haqida savol berilganda u mavhum javob berdi, demak bu yerda qandaydir muhim kelishuvlar bor deb o‘ylayman. Muzokaralarning keyingi bosqichida aynan bu masala detallari bilan ochiqlansa kerak.
Tramp janjaldan keyin Zelenskiyni yana Oq uyga taklif qilmoqchi ekanini aytdi. Zelenskiy pozitsiyasini keskin o‘zgartirgan deb bo‘lmaydi, shunga qaramay, Tramp uni yana qabul qilishga rozi, demak, Zelenskiyning emas, Trampning pozitsiyalari biroz yumshadi va o‘zgardi. Bu o‘zgacha bo‘lishi ham mumkin emas. Tramp aslida nima bo‘layotganini tushundi. Mana shularning hammasi kafolatga olib boruvchi omillar deb tushunishimiz mumkin.
— Moskva sulh taklifini urushni muzlatish sifatida qabul qilib, rad etishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: O‘t ochishni to‘xtatish uchun 50 foiz ish qilib bo‘lindi. Endi barcha strelkalar Rossiya tarafiga qaratildi.
Bu yerda qiziq bir kompozitsiya bo‘lyapti. Bir tomondan Ukraina, ikkinchi tomondan Amerika Qo‘shma Shtatlari va uchinchi komponent bu yerda Yevropa Ittifoqi. AQSh o‘rtadagi muzokarachi sifatida to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga hozircha xavfsizlik kafolati berayotgani yo‘q, chunki agar xavfsizlik kafolati beradigan bo‘lsa, Donald Trampning tafakkurida Rossiya bilan Amerikaning munosabatlarida o‘rtadagi xolis muzokarachi reputatsiyasiga zarar yetgan bo‘ladi.
Ukrainaga xavfsizlik kafolatiga Yevropa Ittifoqi doirasida yechim izlanyapti, ya’ni Yevropaning bir qancha liderlari har xil yechim taklif qilyapti. Asosan ikkita versiya bor: Makron yoki boshqa liderlar aytyaptiki, biz urush tugagandan keyin yangi chegara yaqiniga Yevropa Ittifoqining tinchlikparvar kuchlarini olib kelib qo‘yamiz. Bu yerda bir necha o‘n minglab G‘arbiy Yevropadan kelgan harbiylar bo‘ladi, deyilyapti.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni esa boshqa bir g‘oyani aytyapti: “Ukraina NATOga kirmasin, lekin NATO tinchlikparvar kuchlar sifatida o‘zining xavfsizlik kafolatini bersin”.
Bunga Rossiya to‘liq qarshi. Rossiyaning pozitsiyasiga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar shunday kuchlar bo‘lsinki, bular na G‘arbiy Yevropaga, na Amerikaga, va umuman NATOga a’zo bo‘lgan davlatlar bo‘lmasin, deyapti. Ya’ni aslida Rossiya komandasi yoki Rossiyaga moyil bo‘lgan kuchlar bo‘lishi kerak degan tafakkur mavjud.
Ko‘plab tahlilchilar fikricha Putin bu kelishuvga aslida qalban rozi bo‘lmaydi. Nega? Chunki Putinning oldiga qo‘ygan maqsadi – Ukrainani davlat sifatida to‘liq majruhlash va kelajakda Ukrainaning NATOga va G‘arbdagi tashkilotlarga a’zo bo‘lishining oldini olish. Chunki Rossiya Ukrainaning bosib olgan yerlarini saqlab qolsa ham, Kiyev qolgan 80 foiz hududi bilan kelajakda, aytaylik Putin hokimiyatdan ketganidan keyin, yana to‘liq NATOga a’zo bo‘lish imkoniyatini saqlab qolishi mumkin.
Putin nima uchun Saudiyadagi uchrashuv natijalariga tez javob berishga shoshilmayapti? Chunki qanday qilib “yo‘q” deyishni yoki qog‘ozda “ha” deb aytib, amalda “yo‘q” deyish imkoniyatlarini o‘ylayapti.
Farhod Tolipov: Rubio aytganidek, endi “koptok Moskva tomonda”. Chunki Ukraina tomoni urushni tugatish uchun qadamlar tashlab, aytilishi kerak bo‘lgan bayonotlarni e’lon qildi. Ya’ni shu orqali o‘zini qanchalik tinchlikka intilayotganini, urushni davom ettirishni xohlamayotganini oshkora tasdiqladi.
Rossiya tomonining rozi bo‘lishiga menda shubha bor. Chunki Rossiya armiyasi ayni shu muzokaralar vaqtida ham Ukraina hududiga keng ko‘lamli hujumlarni to‘xtatmadi.
Bir vaqtlar, sovuq urush davrida, SSSR va AQSh o‘rtasida yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bo‘lgan. O‘sha paytda, eslayman, hatto SSSR o‘zining yaxshi niyati borligini namoyish etish uchun, kelishuv tuzilmasidan turib, bir tomonlama shunday sinovlarni to‘xtatgan edi.
Suhbatni to‘liq holda YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

21:18
Putin: Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga ba’zi shartlarda tayyor

20:02
Trampning vakili Moskvada. Kremldagilar vaqtincha sulhga rozi emas

18:12
Urushning oxiri yaqinmi? Nega Ukraina va Rossiyaga tinchlikka erishish shunchalik qiyin?

18:08