O‘zbekiston | 15:09 / 11.03.2025
6818
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga gibrid yengil avtomobillar importi 21 barobarga qisqardi

2025 yilning fevral oyida O‘zbekistonga yengil avtomobil importi qiymat jihatdan 3,5 barobarga, miqdor jihatdan esa 2,8 barobarga qisqardi. Eng katta kamayish gibrid avtomobillar importida kuzatilgan – 21 barobar. Elektromobillar va benzinli yengil avtomobillar importidagi qisqarish esa mos ravishda 2 barobar va 2,8 barobar bo‘lgan.

Foto: AFP

2025 yilning fevral oyida O‘zbekistonga qiymati 44,8 mln dollarlik 2570 dona yengil avtomobil import qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasining oylik hisobotida keltirilgan.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida 158,8 mln dollarlik 7 ming 252 dona yengil avtomobillar importi amalga oshirilgan. O‘tgan bir yil davomida avtomobil importi qiymat jihatdan 3,5 barobarga, miqdor jihatdan esa 2,8 barobarga qisqargan.

Eng katta kamayish gibrid avtomobillar importida kuzatilgan – 21 barobar. Elektromobillar va benzinli yengil avtomobillar importidagi qisqarish esa mos ravishda 2 barobar va 2,8 barobar bo‘lgan.

Avvalroq yanvar oyida ham O‘zbekistonga yengil avtomobil importi qiymat jihatdan 7 barobardan ko‘proqqa, miqdor jihatdan esa 5,6 barobarga qisqargani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillarni bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkazish boshlangandi. Shuningdek, yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy qilindi. Avtopoligonning mavjud quvvati real talabdan bir necha barobarga kamligi import hajmining keskin qisqarishiga ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid