O‘zbekiston | 17:35
9394
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda prokurorning katta yordamchisi 2,5 ming dollar bilan qo‘lga tushdi

U fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan dastlabki instansiya tomonidan chiqarilgan hukmni sudya orqali o‘zgartirishsiz qoldirishni va’da qilgan.

Foto: Kun.uz

Buxoro viloyatida fermerdan pul talab qilgan Jondor tumani prokurorining katta yordamchisi qo‘lga olindi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning iyun oyida Jondor tumani prokuraturasi tomonidan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2024 yilning noyabr oyida mazkur tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan oylik maoshining 20 foizini ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Lekin sudlanuvchiga og‘irroq jazo turi tayinlanishi lozimligi yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan sud hukmiga nisbatan kassatsiya protesti kiritilgan.

Vaziyatdan xabardor bo‘lgan Jondor tumani prokurorining katta yordamchisi fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan dastlabki instansiya tomonidan chiqarilgan hukmni sudya orqali o‘zgartirishsiz qoldirish evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilib, dastlab 500 dollarini olgan.

Ammo u qolgan 2,5 ming dollarni Buxoro shahrida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

DXX xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyati boshqarmasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot shu’basi katta surishtiruvchisi qo‘lga olingan.

U o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Shovot tumanida yashovchi fuqaroni vakolatli hamkasblari orqali MIB tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 1,8 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid