O‘zbekiston | 20:38 / 07.03.2025
8850
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovoni yopiqligicha qolmoqda. So‘nggi ma’lumotlar

«O‘zgidromet» tezkor axborotida Qamchiq dovonida qor ko‘chish xavfini e’lon qildi. Dovonda qolib ketgan qariyb ming kishi mehmonxonaga joylashtirilgan. «Angren-Qo‘qon» yo‘nalishida bepul poyezd tashkil etildi.

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Qamchiq dovoni avtomobillar harakati uchun yopilgach, noqulay ob-havo sharoiti vaqtida yo‘lda qolib ketgan mingga yaqin kishi vaqtincha turar joylarga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, FVV, YPX va «Qamchiqavtoyo‘l» IYFUK xodimlari hamkorligida yo‘lni qordan tozalash, muzlamalar hosil bo‘lishining oldini olish va qum-tuz aralashmasini sepish ishlari olib borilmoqda.

FVV qutqaruvchilari tomonidan nazorat tadbirlari olib borilib, yo‘lda qolib ketgan haydovchi va ularning avtotransport vositalariga yordam ko‘rsatilmoqda. 

Xohlovchi yo‘lovchilar uchun FVVning isinish maskanlari tashkil etilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirining topshirig‘i bilan joyida vazirning birinchi o‘rinbosari jarayonni muvofiqlashtirib bormoqda

Shuningdek, Angren shahrida joylashgan 19 ta oshxona va 4 ta mehmonxonaga 790 nafar erkak, 130 nafar ayol va 38 nafar bola vaqtincha joylashtirildi.

«O‘zgidromet» tezkor gidrometeorologik axborotida Qamchiq dovonidan kesib o‘tgan avtomobil yo‘li 228-253 km qismida qor ko‘chish xavfini e’lon qilgan.

Dovonda transport vositalari harakati hamon tiklanmayotgani tufayli «Angren-Qo‘qon» yo‘nalishida bepul poyezd  tashkil etildi.

Poyezd 21:00 da Angren temiryo‘l shohbekatidan harakatlanadi.

Ayni vaqtda Qamchiq dovonida –7 daraja sovuq, qor yog‘ishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 7 mart kuni tongdan A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismida kuchli qor yog‘a boshladi. Dovonda shamol tezligi kuchayib, qor bo‘ronlari kuzatildi. Qalin tuman tushib, yo‘lning ko‘rinish chegarasi qisqardi. Havo harorati –4 darajaga tushdi.

Soat 14:30 dan dovonda avtomobillar harakati vaqtincha yopildi. Dovonga har ikki tomondan kelgan avtomobillar ortiga qaytarib yuborila boshlandi.

Mavzuga oid