Tramp afg‘onistonlik «Bosh terrorchi» hibsga olinganini e’lon qildi
Muhammad Sharifulloh 2021 yil 26 avgust kuni Kobulda yuz bergan va ko‘plab amerikalik harbiylar bilan mahalliy aholi o‘limiga sabab bo‘lgan yirik teraktda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

Foto: Getty images
AQSh prezidenti Donald Tramp 2021 yilda Kobul aeroportida 13 nafar amerikalik harbiy va kamida 170 nafar afg‘onning o‘limiga sabab bo‘lgan portlashda ishtirok etgan «bosh terrorchi» qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
«Mamnuniyat bilan e’lon qilamanki, bugun tunda biz ushbu vahshiylik uchun javobgar bo‘lgan bosh terrorchini qo‘lga oldik va u hozir Amerika adliyasining shamshiriga duch kelish uchun shu yerga yo‘l oldi», dedi Tramp AQSh Kongressidagi nutqida.
Terrorchi Pokistonda qo‘lga olingan, rasmiylar uni ushlashda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga tayangan. Tramp Pokistonga «bu yirtqich hayvonni qo‘lga olishda yordam bergani uchun» minnatdorchilik bildirdi.
O‘z navbatida, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif «Pokistonning Afg‘onistondagi terrorizmga qarshi kurashdagi roli va qo‘llab-quvvatlashini tan olgani va qadrlagani uchun» Trampga minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari «Pokiston-Afg‘oniston chegarasi hududida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan operatsiya natijasida» Afg‘oniston fuqarosi Sharifullohni qo‘lga olgan. «Biz mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun Qo‘shma Shtatlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz», deb qo‘shimcha qildi Sharif.
Vaziyatdan xabardor bo‘lgan CNN telekanaliga ko‘ra, hibsga olingan Muhammad Sharifulloh Qo‘shma Shtatlarga olib ketiladi va «terrorizmga moddiy yordam ko‘rsatish uchun til biriktirish» aybi qo‘yiladi.
FQB tomonidan o‘tkazilgan so‘roqda Sharifulloh 2016 yilda IShID-Xuroson tomonidan yollanganini va bir necha halokatli hujumlarni rejalashtirishda ishtirok etganini tan olgani ta’kidlanmoqda. Ayblov xulosasida uning boshqa hujumlar, jumladan, Kobuldagi elchixona qo‘riqchilariga hujum va Moskvadagi tungi klubga uyushtirilgan hujumga aloqadorligi ko‘rsatilgan.
Sharifulloh 2019 yildan beri qamoqda edi. 2021 yilda qamoqdan chiqqan va 2 haftadan keyin Kobul aeroportidagi teraktni uyushtirgani ta’kidlanmoqda. Ozod qilinganidan so‘ng IShID a’zolari u bilan bog‘lanib, hujumga tayyorgarlik ko‘rishda yordam so‘ragan. Sharifullohga aeroportga boradigan yo‘lni o‘rganish, nazorat-o‘tkazish punktlari va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni tekshirish vazifasi yuklangan. U IShID a’zolariga marshrut hujumchi uchun xavfsiz ekanini aytgan, shundan so‘ng unga aeroport hududini tark etishga buyruq berilgan. Keyinroq u terakt haqida eshitib, uning ijrochisini tanigan. U o‘zi bilan qamoqda birga o‘tirgan shaxs bo‘lib chiqqan.
Terror hujumi 2021 yil 26 avgust kuni sodir bo‘lgan. Xorijliklarni va xorijiy kuchlar bilan hamkorlik qilayotgan afg‘onlarni shoshilinch va tartibsiz evakuatsiya qilish chog‘ida Kobul aeroportining sharqiy darvozasi yaqinida IShID hujumchisi o‘zini portlatib yubordi. Shu vaqtda u yerda yuzlab afg‘onlar to‘planib, evakuatsiya reyslaridan biriga chiqishga harakat qilishgan va o‘nlab amerikalik harbiylar tartibni saqlab turgan edi. Bu terakt qurbonlari sonining nega ko‘p bo‘lganini tushuntiradi. 2023 yil aprel oyida ushbu terakt tashkilotchisi yo‘q qilingani haqida xabar berilgan edi.
Mavzuga oid

23:36 / 08.03.2025
Eron AQSh bilan muzokara o‘tkazishni rad etdi

20:30 / 08.03.2025
Ilon Mask Oq uyda davlat kotibi Marko Rubio bilan janjallashdi – OAV

16:41 / 08.03.2025
AQSh sudi Xitoydan Covid-19 tarqalgani uchun 24 milliard dollar talab qildi

15:23 / 08.03.2025