Jamiyat | 10:00 / 02.03.2025
17972
2 daqiqa o‘qiladi

Qir odami: oqbilollik revizor

Habibiddin ota Ismoilov Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘idan. Nafaqaga chiqqan 80 yoshli ota qirlikda har kuni qo‘y boqadi. U 3 gektarlik maydonda uzumbog‘ yaratgan. Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan Habibiddin ota ko‘p yillar revizor bo‘lib ishlagan.

“10 yoshimdan boshlab qo‘ychilik bilan shug‘ullanganmiz. Qo‘y boqib yomon bo‘lmadik. Qo‘yda baraka bo‘ladi, tez ko‘payadi. Chorvachilikni 20 ta qo‘ydan boshlaganman. Bir yil ichida bu qo‘ylar 100 ta bo‘ldi. Keyingi yilda esa 200 tagacha ko‘paydi. Qo‘ylarni 200 taga yetkazganimdan keyin hayotim yaxshi tomonga o‘zgardi. Daromadga kira boshladik.

80 yoshga kirgan bo‘lsam otni ham, eshakni ham choptirib minaman, Xudoga shukr. Tong sahar turib badantarbiya bilan shug‘ullanaman. Tengqurlarim bilan kurash tushaman. Erkak kishi tetik yurishi uchun bu muhim-da.

Beshyog‘ochda Xalq xo‘jaligi institutining Moliya fakultetini bitirganman. Ko‘p yillar poytaxtda revizor bo‘lib ishladim. Sharoit yaxshi bo‘lsa ham o‘z yurtimni, qishlog‘imni sog‘inardim.

Farg‘ona viloyatiga qaytib kelib to pensiyaga chiqqunimcha Moliya boshqarmasida ishladim.

Ikki o‘g‘il va bir qiz farzandni tarbiyaladim. Ikki o‘g‘lim yonimga kirib qolgan. Chorvachilik va bog‘dorchilik ishlarida ular menga yaqindan yordam beradi. Bahor kelib ishlar boshlanib ketdi. Qariyb 3 gektar maydonda kattagina uzumbog‘ tashkil qilganmiz. Uni sog‘orish uchun esa 100 metr chuqurlikdan quduq qazidik.

Xullas mehnat qilgan kam bo‘lmaydi”, dedi Habibiddin ota.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov

Mavzuga oid