Jahon | 12:26 / 01.03.2025
7758
3 daqiqa o‘qiladi

NBC: AQSh Ukrainaning energetika tizimini moliyalashtirishni to‘xtatdi

AQSh Davlat departamenti Rossiyaning o‘qqa tutishidan keyin Ukraina energetika tizimini tiklash uchun yuzlab million dollar ajratgan USAID dasturini to‘xtatdi, deb xabar bermoqda NBC News.

Foto: AP

AQSh Davlat departamenti bir necha kun avval AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning Rossiya tomonidan o‘qqa tutilganidan so‘ng Ukraina elektr tarmog‘ini tiklash uchun yuzlab million dollar ajratgan dasturini to‘xtatdi. Bu haqda 28 fevral, juma kuni NBC News agentlikning Ukrainadagi missiyasida ishlayotgan USAID ikki xodimiga tayanib xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, agentlik Ukrainadagi ishtirokini ham sezilarli darajada qisqartirmoqda: agar ilgari ushbu mamlakatdagi USAID missiyasida 64 kishi ishlagan bo‘lsa, o‘zgarishlardan keyin faqat sakkiz nafar xodim qoladi.

Telekanal manbalaridan biri qabul qilingan qarorlar AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borish qobiliyatiga «sezilarli putur yetkazadi» va «Rossiyaga Amerika Ukraina va uning o‘tmishdagi sarmoyalari haqida qayg‘urmasligiga ishora bo‘ladi», degan fikrni bildirdi.

USAID'dagi katta qisqartirishlar

60 yildan ortiq vaqt davomida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi insonparvarlik yordami bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turgan. Ammo hozir Tramp ma’muriyati USAID'ni Amerika soliq to‘lovchilarining mablag‘larini sarflashda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, shuningdek, «Al-Qoida» va Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirish bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishda ayblamoqda.

26 fevral kuni AQSh Davlat departamenti umumiy qiymati taxminan 54 milliard dollarga teng 5800 ta uzoq muddatli agentlik shartnomalarini 92 foizga qisqartirishini e’lon qildi. Avvalroq USAID'ning xodimlari soni 34 barobarga — 10 mingdan 290 nafarga qisqartirilishi rejalashtirilgani xabar qilingandi. Fevral oyi boshida xorijdagi agentlik xodimlariga AQShga qaytishlari uchun 30 kun muhlat berildi.

USAID ishchilari kasaba uyushmalari Oq uyni sudga berib, agentlikni faqat Kongress tarqatib yuborishi mumkinligi va Tramp ma’muriyatining harakatlari konstitutsiyaga zid hamda noqonuniy ekanligini ta’kidladi. 8 fevral kuni Vashingtondagi sud ularning da’vosini qanoatlantirgani va ishdan bo‘shatilgan 2700 ga yaqin USAID xodimini ishga qaytargani, ammo muzlatib qo‘yilgan grantlarni tiklashdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid