Abdurahim Umarov Mirzaobod tumani hokimi etib tayinlandi
2024 yildan beri tuman hokimi sifatida ishlab kelgan Orif Rahmonqulov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimdan ozod etildi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi
Bugun, 27 fevral kuni Mirzaobod tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya ishida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi, deb xabar beradi hokimlik matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, sessiyada deputatlar tomonidan Abdurahim Umarov nomzodi Mirzaobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Abdurahim Umarov mazkur tayinlovga qadar viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
2024 yildan beri Mirzaobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Orif Rahmonqulov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan tuman hokimi lavozimidan ozod etilgan.
Avvalroq Faxriddin Kushakov Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.