Jamiyat | 11:18 / 25.02.2025
6252
2 daqiqa o‘qiladi

Dubayda 247 ming dollar qarz bo‘lib qolgan o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatildi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida qiyin moliyaviy ahvolda qolgan vatandoshga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Foto: Kun.uz

Bosh konsulxonadan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Dubayda qiyin ahvolga tushib qolgan 1957 yilda tug‘ilgan N.J. O‘zbekistonga qaytishi va yillar davomida to‘planib qolgan qarzdorligini bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u 1996 yilda Dubay shahriga mavsumiy ishlash maqsadida kelgan va turli savdo rastalarida ishlagan. 2001 yildan 2025 yilga qadar hamyurtimiz turli sabablarga ko‘ra Amirliklar hududida noqonuniy yashab kelgan.

Birinchi navbatda Bosh konsulxona tomonidan vatandoshga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi va vaqtincha turar joy va oziq-ovqat bilan ta’minlandi.

Surishtiruvlar davomida vatandoshning noqonuniy yashab kelayotgan muddatida jami 901 ming 600 dirham (247 ming 13 AQSh dollari) qarzi to‘planib qolgani va ushbu mablag‘lar to‘lanmaguncha BAA hududini tark eta olmasligi ma’lum bo‘ldi.

Bosh konsulxona xodimlari tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qiluvchi va tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida N.J.ning barcha qarzlaridan voz kechish va yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Joriy yilning 15 fevral kuni Bosh konsulxona diplomatlari va "Ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish markazi" xayriya tashkiloti ko‘magida unga "Dubay - Toshkent" aviaqatnoviga chipta solib berilib hamda O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.

Mavzuga oid